Yangiliklar

UzAuto Motors yangi bozorlarni zabt etmoqda: Armanistonda Chevrolet avtomobillarining birinchi dilerlik markazi ochildi
2023-09-19 00:10:22 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

UzAuto Motors kompaniyasi o’z dilerlik markazlari xaritasini kengaytirib eksport salohiyatini faol oshirishda davom etmoqda. Bugun Armanistonning Yerevan shahrida O’zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar qatorini taqdim etuvchi Chevrolet'ning birinchi rasmiy dilerlik markazi ochildi.

O’zbekiston Respublikasining eksport salohiyatini oshirish, shuningdek xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni kengaytirish UzAuto Motors kompaniyasining asosiy maqsadlaridan biridir. Chevrolet’ning Armanistonda ochilgan rasmiy dilerlik markazi ushbu strategiyaning ahamiyati nechog’lik muhimligini tasdiqlaydi. 

 

Yerevanlik mijozlar uchun yangi dilerlik Chevrolet avtomobillarining eng mashhur modellari, shu jumladan Chevrolet Cobalt, Tracker va Onix avtomobil modellaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi. Shuningdek, dilerlik markazida maxsus tayyorgarlikdan o’tgan mutaxassislar tomonidan avtomobillarga servis xizmatini ko’rsatish imkoniyati bilan birga avtomobil ehtiyot qismlarining keng assortimenti mavjud.

 

Armanistonda Chevrolet dilerlik markazining ochilishi UzAuto Motors kompaniyasining turli mamlakatlarda o’z mijozlariga sifatli avtomobillar va servis xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etishga bo’lgan istagini ko’rsatadi.  Armaniston O’zbekistonning strategik hamkori bo‘lib, Chevrolet brendini kengaytirish uchun muhim bozorga aylanmoqda.

UzAuto Motors kompaniyasi bu bilan cheklanib qolmaydi. Kompaniya o’z avtomobillariga bo’lgan talabni to'liq ta'minlash va xalqaro miqyosdagi o'rnini kuchaytirish uchun turli mamlakatlardagi dilerlik tarmog'i va vakolatxonalarini yanada kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Armanistonda birinchi Chevrolet dilerlik markazining ochilishi UzAuto Motors va mintaqadagi avtomobil ixlosmandlari uchun muhim voqea. O’zbekiston va Armanistonning avtomobilsozlik sohasidagi hamkorligi o’z samarasini berib, ikki mamlakat iqtisodiyoti rivojiga hissa qo’shishi shubhasiz.