Yangiliklar

“UZAUTO MOTORS” OAV VAKILLARI VA OLIY MAJLIS DEPUTATLARI UCHUN PRESS-TUR O‘TKAZDI
2021-03-02 18:53:40 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

Bugun, 2 martda “Uzauto Motors” kompaniyasi OAV vakillari uchun tashkil etgan press-turning birinchi kuni yakunlandi.

Birinchi kun davomida kompaniya mehmonlari kompaniyadagi yangiliklar va ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash borasidagi ishlar bilan tanishdilar.

2021 yil mart oyida kompaniya korxonani boshqarishning zamonaviy SAP S/4HANA tizimini joriy etdi.

SAP S/4HANA – bu ERP-tizim bo‘lib, yirik korxonalarga mo‘ljallangan resurslarni rejalashtirish uchun dasturiy paketdir. Yangi tizimga o‘tish kompaniya moslashuvchanligi, samaradorligi o‘sishi va xarajatlarini tejash imkonini beradi, shuningdek yetkazib berish zanjirini optimizatsiyalaydi. Kompaniyaning amalda barcha biznes-jarayonlarini qamrab oluvchi bu tizim takrorlanuvchi topshiriqlarni bajarishdan xalos bo‘lish, murakkab biznes-jarayonlarni optimizatsiyalashga qodir hamda barcha miqyoslardagi jarayonlar, jumladan avtomobillarni ishlab chiqarish, yetkazib berish va butlovchilar logistikasi jarayonlari, tayyor mahsulot realizatsiyasini to‘liq avtomatlashtirish imkonini beradi.

Avvalda joriy etilgan tuzilgan shartnomalar navbatiga muvofiq avtomobillarni taqsimlashni avtomatlashtirish dasturi barobarida, SAP S/4HANA bu jarayonni mutlaqo yangi boqichga olib chiqadi – unda inson omili taʼsiri butunlay istisno qilinishi taʼminlanadi, bu esa, kompaniyaga mijozlar eʼtiboriga xizmat ko‘rsatishning butkul yangi darajasini havola etish imkonini yaratadi.

“Uzauto Motors” kompaniyasi, isteʼmolchilar nimani afzal ko‘rishlarini aniqlash maqsadida, 2020-2021 yillarda o‘z mijozlariga Spark, Neksiya, Kobalt va Lassetti modellaridan tashqari, “Chevrolet” rusumidagi boshqa avtomobillarni ham xarid qilish imkonini bermoqda. Bunday izlanishlar natijasida ishlab chiqarishni O‘zbekistonda o‘zlashtirish mumkin bo‘lgan B va SUV-B segmentida barqaror talab borligi aniqlandi. Ushbu segmentlardagi yangi modellar – Chevrolet Tracker va Onix mehmonlarga namoyish etildi.

Ushbu modellarni o‘zlashtirish uchun investitsiyalarning hisob-kitobdagi hajmi 500 mln AQSH dollariga teng, bunga dvigatellar ishlab chiqarishni “UzAuto Motors Powertrain” AJ bazasida mahalliylashtirish ham kiradi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish doirasida yangi avlod benzinli dvigateli – CSS Prime (1.2L/1.2L Turbo, quvvati – 131 o.k.) o‘zlashtirilmoqda. Ushbu dvigatel General Motorsning eng yangi ishlanmasi sanaladi – u eng tejamkorroq, ekologik toza va qudratliroq dvigatelardan bo‘lib, butun dunyodagi GM modellarini ishlab chiqarishda keng joriy etilgan.

Shu bilan birga, mehmonlarga avtomobillarning yangi narxlari, shuningdek yaqin kelajakda sotuvga chiqadigan joriy modellar uchun joriy etish rejalashtirilayotgan yangi opsiyalar taqdim etildi.

Shu bilan bir qatorda, chiqarilayotgan modellar tannarxini pasaytirish va mahalliylashuvini kengaytirish ustidagi ishlar ham uzluksiz olib borilmoqda. Bu yo‘nalishda kompaniya tomonidan jihozlarni Koreyadan O‘zbekistonga ko‘chirib kelish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar allaqachon boshlab yuborilgan. Ko‘chirib keltirish (transfer) bu yilning o‘zida 200 dan ziyod nomdagi butlovchi detallarni mahalliylashtirish va mahsulot tannarxini yiliga 100 mln. dollarga pasaytirish imkonini beradi.

Press-turning davomida mehmonlar “savol-javob” formatida kompaniyaning joriy ishlab-chiqarish-xo‘jalik faoliyati bilan tanishdilar. Chunonchi, masalan, o‘tgan yilgi COVID-19 pandemiyasi jahon avtomobil sanoatiga yarimo‘tkazgichli mahsulotga ehtiyojni qondirish borsida salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.

Pandemiya davrida turli gajetlar va elektron texnikaga bo‘lgan talabning o‘sganligi butun dunyoda yarim o‘tkazgichlar bo‘yicha sezilarli tanqislikni yuzaga keltirdi. Chiplar yetkazib berishdagi uzilishlar va logistika zanjirlarining buzilishi allaqachon qator avtozavodlarning yopilishiga sabab bo‘ldi, ular koronavirus lokdaunlari boshlanishida, 2020 yil boshida mikroprotsessorlar xaridini maksimal qisqartirgan edilar.

Zamonaviy avtomobillarning aksariyatida o‘nlab mikrosxemalar ishlatiladi, ayrim holatlarda ular soni 150 tagacha boradi. Chiplar, amalda, davigatelning ishlash rejimidan to navigatsiya tizimlarigacha – barcha jihatlar uchun javob beradi. Afsuski, global muammo “Uzauto Motors” AJ kompaniyasiga ham, jumladan 2021 yil ikkinchi choragi ishlab chiqarish rejalariga taʼsir ko‘rsatmay qolmadi.

Ushbu vaziyatni GM prezidenti va strategik bozorlar, alyanslar va distribyutorlar bo‘yicha boshqaruvchi direktori Kristian Sommer ham shunday sharhladi:

“GM global yetkazib berish tizimi boshqaruvi yetkazib beruvchilar bilan ularning yarimo‘tkazgichlar sohasidagi talablari uchun yechim topish va GM hamda sheriklarimiz, jumladan UzAutoMotors uchun taʼsirini yumshatish borasida yaqindan hamkorlik qiladi”,- qayd etdi u. “Niyatimiz har bir korxonada imkon qadar ko‘proq ishlab chiqarish yo‘qotishlarining o‘rnini to‘ldirishdan iborat. Hozirda biz vaziyat shu yilning ikkinchi yarmidayoq barqarorlashuviga aminmiz”.

Shu bilan birga, kompaniya matbuot xizmatida qayd etdilar: SAP tizimining asosiy bosqichi yakunlangani sababli, “Uzauto Motors” AJ sotuvi 12 fevralda to‘xtatilgan Spark, Nexia, Cobalt va Lacetti avtomobillariga kontraktatsiyani joriy yil 3 martdan yana yo‘lga qo‘yadi.

Biroq, jahon avtomobil ishlab chiqarishning yarim o‘tkazgichli butlovchi qismlarga talabining to‘laqonli qondirilishidagi vaqtinchalik cheklovlar to‘g‘risidagi mavjud axborot inobatidan, ishlab chiqariladigan avtomobillarni yetkazib berish muddatlari 1-2 oyga cho‘zilishi rejalashtirilmoqda.

Ushbu vaziyatni sharhlarkan, Asaka avtozavodi rahbariyati quyidagilarni qayd etdi:

“Yarim o‘tkazgichlar borasidagi vaziyat “UzAutoMotors” AJ va General Motors rahbariyati nazoratida bo‘lib, bu global mikrosxemalar tanqisligi vaziyatidan minimal yo‘qotishlar bilan chiqish, shuningdek oldin tuzilgan shartnomalar bo‘yicha xaridorlar oldidagi barcha majburiyatlarni bajarish imkonini beradi.

Kompaniya isteʼmolchilarimiz uchun global inqirozning oqibatlarini yumshatish borasida bor imkoniyatlarni ishga soladi. Yangi kontraktlar bo‘yicha olingan mablag‘lar avtomobillarning uzluksiz ishlab chiqarilishini taʼminlash uchun xom ashyo va butlovchi qismlar xarid qilishga yo‘naltiriladi, zavodni hech qanday to‘xtatish rejalashtirilmagan. Bunda yarimo‘tkazgichlardan ishlab chiqariladigan detallar aviatransport orqali yetkazib beriladi va yetib kelishiga qarab tayyor avtomobillarga o‘rnatiladi”.

Mikroprotsessorlarni yetkazib berish bilan bog‘liq vaziyat rivoji to‘g‘risidagi yangiliklar muntazam ravishda Uzauto Motors rasmiy resurslarida yoritib boriladi.