Yangiliklar

UzAuto Motors Xorazm viloyatida Chevrolet Damas va Labo avtomobillarini ishlab chiqarish hajmini oshirmoqda
2023-05-21 17:53:29 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

UzAuto Motors kompaniyasi avtomobillarni yetkazib berish jarayonlarini jadallashtirish maqsadida Chevrolet Damas va Labo avtomobillarini ishlab chiqarish hajmini ko’paytirish dasturini yakunladi. Endilikda, amalga oshirilgan chora-tadbirlar ushbu talabgir modellarning ishlab chiqarish hajmini yiliga 150 ming donaga bosqichma-bosqich oshirish imkonini beradi, bu esa o'z navbatida yetkazib berish muddatiga ham o’z ta’sirini o’tkazadi.

2016 yildan buyon zavodning ishlab chiqarish quvvatini bosqichma-bosqich oshirish ishlab chiqarish hajmini deyarli 5 barobar ko’paytirishga imkon berdi. UzAuto Motors’ning Xorazm filialida ishlab chiqarishni optimallashtirish va modernizatsiya qilish bo’yicha olib borilgan tizimli ishlar 2022 yilga kelib ishlab chiqarish hajmini 93 000 dan ortiq avtomobilga oshirdi (2021-yilga nisbatan qariyb 30 foizga ko’p).

 

UzAuto Motors 2021-yilda ishlab chiqarish hajmini oshirish dasturi doirasida Pitnak shahrida yangi press-sexni ishga tushirdi. 1 gektardan ortiq hududda yo’lga qo’yilgan ishlab chiqarish, maksimal quvvatga erishgandan so’ng har yili 12 ming tonna metall listdan Chevrolet Damas va Labo modellari uchun 7 million donagacha turli shtamplash kuzov qismlarini ishlab chiqarish imkonini beradi. 

 

 

Butlovchi qismlarni mahalliylashtirish, ayrim komponentlarni dekontenting qilish (arzonroq variantiga almashtirish) va ishlab chiqarish jarayonlarini unifikatsiya qilish bo’yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar importni qisqartirgan holda ishlab chiqarish hajmini oshirishga imkon beradi.