Yangiliklar
“Milliy tiklanish” partiyasi deputatlari tashabbusiga ko‘ra deputatlar, OAV vakillari va blogerlar ishtirokida tashkil etilgan Andijon viloyatiga press-turning ikkinchi kuni butunlay avtomobil sanoatida mahalliylashtirish mavzuiga bag‘ishlandi.
"UzAuto Motors" AJ
“O‘zavtokomponents” AJ direktori Shafqatbek Alimov tadbir ishtirokchilari uchun taqdimotda qayd etishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda yengil avtomobillar ishlab chiqarish uchun butlovchi qismlar yetkazib beruvchi 170 dan ziyod korxona mavjud. Ushbu korxonalar bazasida 200 dan ziyod texnologiyalar o‘zlashtirilgan va 4 000 dan ziyod detallar mahalliylashtirilgan.
Mahalliylashtirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxini va xorijiy valyutaga bog‘liqlikni kamaytirish. Shunga qaramay, avtomobil sanoati import xom ashyo va butlovchi detallarga bog‘liq bo‘lib qolmoqda, bu ko‘pincha mahalliylashtirishning imkonsiz ekanligi bilan bog‘liq. Masalan, yengil avtomobil uchun kuzovlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilsa-da, po‘lat Rossiyadan keltiriladi (yaqinda u 35-60 foizga qimmatlashdi), chunki avtomobillar uchun po‘lat ishlab chiqarish sanoati bizda mutlaqo yo‘q. Shuningdek, valyuta kurslariga bog‘liqlik korxonalar olgan kreditlarga taʼsir ko‘rsatadi, ular bo‘yicha foizlar milliy valyutada 20-24% va AQSH dollarida 7-8% oralig‘ida belgilangan, holbuki boshqa mamlakatlarda bu faqat 2-3%ni tashkil etadi. Faqat mana shu kreditlar foizlarini to‘lashning o‘ziga 75 mlrd. so‘mdan oshiq pul sarflangan.
Detallar va butlovchi qismlarni mahalliylashtirish jarayonida ilm-fan va texnologiya katta ahamiyat kasb etadi. Avtomobilsozlik sohasida ushbu yo‘nalishlarni rivojlantirish maqsadida “O‘zavtosanoat” AJ qoshida “Research and Development Center” ishlanmalar markazi yaratildi. Markazning faoliyati avtomobilsozlik sohasida elektr transporti uchun infratuzilma yaratishga, yangi texnologiyalarni ishlab chiqishga, standartlashtirish va testlashga qaratilgan. Bundan tashqari, markaz funksiyalariga injiniring, stayling va tarmoqdagi ishlab chiqarishlar uchun mutaxassislar tayyorlash ham kiradi.
Shuningdek, tarmoq kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxini kamaytirish maqsadida har bir import qilinayotgan detalning har bir butlovchi qism darajasida, butlovchi qismda ishlatilgan xom ashyogacha batafsil tahlili o‘tkazilishini taʼkidlab o‘tildi. Bundan tashqari, narxni hisoblashda yirik avtomobilsozlik korxonalarining Cost Analyze tamoyili - saradorlik tamoyillarini tahlili kabi uslub va tajribalari qo‘llaniladi. Ushbu yondashuv, shuningdek, mahalliylashtirish korxonalari tomonidan tannarxni kamaytirish bo‘yicha boshqa chora-tadbirlar natijasida 2020-yilda 338 550 mln. so‘m iqtisod qilinishiga erishildi.
Yangi loyihalarni amalga oshirish va yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish uchun "Mashinasozlik va elektrotexnika sanoat xabi" maxsus sanoat zonasini tashkil etish ham rejalashtirilgan, unda GEM platformasida avtomobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Sanoat zonasi tarkibidagi korxonalarda plastmassa detallarni xromlash, rezina detallar ekstruziyasi, qaynoq shtamplash uslubi bilan detallar ishlab chiqarish, sovuq shakl berish uslubi bilan prujinalar ishlab chiqarish, plastik yoqilg‘i nasoslari ishlab chiqarish va h.k. kabi eng zamonaviy va tarmoq uchun yangi texnologiyalar o‘zlashtiriladi. Sanoat zonasi Andijon viloyatida, dastlab 40 gektar maydonda joylashadi, keyin yangi ishlab chiqarish liniyalarini tashkil etish yo‘li bilan kengaytirish imkoniyati mavjud. Ushbu loyihani amalga oshirish ishlab chiqarish klasteri tamoyiliga ko‘ra tashkil etiladi, bu bilan sanoat korxonalariga ishlab chiqarish uchun zarur barcha muhandislik kommunikatsiyalaridan foydalanish imkoni yaratiladi, shuningdek, sanoat zonasi infratuzilmasi yaxshilangan hududda joylashadi. Sanoat zonasi tarkibidagi to‘qqizta ishlab chiqarish korxonasi 1 200 ta ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
"UzAuto Motors" AJ
Press-turning ikkinchi kunida ishtirokchilar Andijon shahridagi bir qator mahalliylashtirish korxonalari bilan shaxsan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar:
“O‘z-Dong Yang Ko” - 1997 yilda taʼsis etilgan bo‘lib, hozirgi kunda “UzAuto Motors” ishlab chiqaradigan avtomobillarning ichki bezak detallarini taʼminlaydi. Uskunalar paneli, eshik qoplamasi, g‘iloflar, shift paneli, yukxona bo‘lmasi – bu korxona ishlab chiqaradigan mahsulotning asosiy ro‘yxati. Korxonaning o‘rtacha yillik tovar aylanmasi 35,6 mln. dollarni tashkil etadi. Korxonada 1 000 dan ziyod xodim ishlaydi.
“O‘z-SeMyung Ko” – 1996 yilda asos solingan, “UzAuto Motors” ishlab chiqaradigan avtomobillar uchun yoqilg‘i baklari va nasoslar ishlab chiqaruvchi Andijon viloyatidagi eng yirik qo‘shma korxonalardan biri. Shuningdek, korxonada metall o‘tamplangan detallar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Korxonaning o‘rtacha yillik tovar aylanmasi 50 mln. dollarni tashkil qiladi. Korxonada taqriban 1 200 nafar xodim ishlaydi.
“O‘zERAE Climate Control” – 2010 yilda asos solingan, isitish, sovitish, ventilyatsiya va konditsionerlash tizimlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxonada “UzAuto Motors” ishlab chiqaradigan avtomobillar uchun isitish, konditsionerlar va sovitish tizimlari bog‘lamalari ishlab chiqariladi. Korxonaning o‘rtacha yillik tovar aylanmasi 40 mln. dollarga tashkil qiladi. Korxonada 300 dan ziyod xodim ishlaydi.
"UzAuto Motors" AJ