Yangiliklar

“UzAuto Motors” AJ bosh direktori O’zbekiston OAV vakillarining qator savollariga javob berdi
2022-03-29 00:40:42 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

UzAuto Motors bosh direktori Bo Andersson O’zbekiston ommaviy axborot vositalari vakillari jurnalistlar bilan uchrashib, ular tomonidan berilgan barcha savollarga atroflicha javob berdi. Xususan, u shunday dedi:

–  Bugungi O‘zbekiston avtomobil sanoatini qanday ko‘rasiz? Uning istiqbollari qanday?
– Umuman olganda, yomon emas. Respublika aholisining katta qismini yoshlar tashkil etishi menda juda ijobiy taassurot qoldirdi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda har 1000 aholiga 91 ta avtomobil to‘g‘ri keladi. Agar boshqa mamlakatlar bilan taqqoslaydigan bo'lsak, bu ko'rsatkich Rossiyada 385 ta, Germaniyada - 575 tani tashkil qiladi. Bu esa sohani rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini ko‘rsatadi. O'zbekiston avtomobil sanoatida rivojlanish uchun imkoniyatlar mavjud.

–  Korxonani rivojlantirishdagi strategiyangiz qanday?
– O'zim uchun to'rt asosiy yo'nalishni belgilaganman. Birinchi navbatda, ishlab chiqarilgan avtomobillar sifatiga e'tibor qaratish. Shuni alohida ta'kidlashni istardimki, biz allaqachon uni 25 foizga yaxshilashga erishdik.
Ikkinchidan, avtomobil ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish va ularni iste’molchiga o‘z vaqtida yetkazib berilishini ta’minlash.
Uchunchidan, kompaniya yanada raqobatbardosh bo’lishi kerak. Bu rivojlanish strategiyasining muhim punktlaridan biri hisoblanadi. Ushbu maqsadni amalga oshirish uchun esa mahalliylashtirish darajasini oshirish, shu bilan birga ishlab chiqarishda mahalliy materiallardan foydalanish nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi.
To‘rtinchidan, yangi Chevrolet Tracker va Chevrolet Onix modellarining ishlab chiqarilishini yo’lga qo’yish.

–  Qanday qilib navbatlar bilan bog’liq muammoni hal qilishni rejalashtiryapsiz?
– “Biz buning ustida kechayu kunduz ishlayapmiz, xaridorlar orasida talabgir bo'lgan avtomobillarni ko'proq ishlab chiqaramiz.
Biz ommabop avtomobillarning ishlab chiqarish hajmini oshirdik. Lacetti avtomobilini 262 tadan 366 taga (27 foizga), Cobalt avtomobilini kunlik ishlab chiqarish hajmini 342 tadan 420 tagacha (18 foizga) ko’tardik.

Avtomobillarni xaridorlarga yetkazib berish muddatini ikki barobarga qisqartirishga erishdik. Ammo, afsuski biz hali ham kerakli joyda emasmiz. Ushbu maqsadga erishish uchun qo’limizdan kelgan barcha ishni qilishimizga shaxsan o’zim kafolat beraman. Aytmoqchi, Spark avtomobilini xarid qilganlar katta ehtimol bilan avtomobilni shartnomada ko‘rsatilgan muddatdan oldin olishlari mumkin bo‘ladi. Nexia avtomobilini esa, hech qanday kutishlarsiz dilerlardan olib ketish mumkin.

– Bozorda qanday yangi modellar paydo bo’ladi?
– Bu yil bozorga yangi model – Chevrolet Tracker, kelasi yil boshida esa Chevrolet Onix’ni taqdim etamiz. Mijozlarimizga bu zamonaviy ikki avtomobil yoqishiga ishonchim komil. Ikkala modelda ham oltita xavfsizlik yostiqchasi mavjud. Ular YTHga chidamlilik bo‘yicha besh yulduzli reytingga ega. Ushbu avtomobillar zamonaviy ko‘ngilochar tizim, Wi-Fi va to‘xtashga yordam beruvchi datchik bilan jihozlangan bo‘ladi. Bundan tashqari, Chevrolet Tracker va Chevrolet Onix yoqilg‘i sarfi jihatidan juda tejamkor - 100 kilometrga 6 litr.