Yangiliklar

Million sari yo’l: UzAuto Yangi O’zbekistonda qanchalik burilish yasadi?
2023-03-24 21:23:03 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

“UzAuto Motors” milliy kompaniyasi MDH mamlakatlari ichida avtomobilsozlik sanoati yetakchisiga aylanishni maqsad qilgan hamda milliontagacha avtomobil ishlab chiqarish niyatida”, “MDHda yangi avtogigant paydo bo‘lishi mumkin” – ayni sarlavha ostidagi yangiliklar dunyo internet nashrlarida tez-tez ko’zga tashlanyapti. Albatta bunday e’tirof zamirida nafaqat raqamlar, balki, O’zbekistondagi barcha tarmoqlarning ulkan mehnati yotibdi.

Davlat rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar hamda barcha ichki jarayonlar va mamlakatimizni xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qiluvchi Yangi O’zbekistonni rivojlantirish strategiyasining amalga oshirilishi natijasida, ishlab chiqarishni kengaytirish va modernizatsiya qilish, ilm-fan va texnologiyani rivojlantirish, shuningdek, raqobatbardosh va yuqori texnologiyali mahsulot yaratish kabi ustuvor vazifalarni jamlagan avtomobilsozlik sanoati yangi bosqichga ko’tarildi.

Ishlab chiqarish jarayonlarining optimallashuvi hamda modernizatsiya qilinishi hisobiga, UzAuto Motors kompaniyasi tarixiy rekordni o’rnatishga erishdi ya’ni 2016 yildan buyon ishlab chiqarish hajmi 269 %ga o‘sgan. Ishlab chiqarish jarayoniga yangi texnologiyalarning tadbiq etilishi, uskunalarning yangilanishi va kadrlar malakasining oshirilishi Markaziy Osiyoda yetakchi hisoblangan “UzAuto Motors” kompaniyasini MDHda gigant avtomobil ishlab chiqaruvchisiga aylantirdi. 

Bugun UzAuto Motors faqat eng zamonaviy avtomobillar, xususan, Chevrolet Tracker va Onix avtomobillarini ishlab chiqarishni yo’lga qo’ygan. Buning uchun 5 mingdan ortiq muhandis jalb qilingan bo‘lib, ularning bir qismini Toshkentdagi Turin politexnika universiteti bitiruvchilari tashkil etadi. O‘zbekistondagi mavjud 200 ta korxonaga xorijlik va mahalliy mutaxassislar jalb etilishi natijasida, ular ko’magida Chevrolet Tracker va Onix avtomobillari uchun 1,5 ming dona detal ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Qolaversa, O‘zbekistonda Chevrolet Tracker va Onix avtomobillarini ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida “O‘zavtosanoat” AJ tomonidan 12 ta yangi mahalliylashtirish loyihasi amalga oshirildi, jumladan, umumiy qiymati 312 million dollarlik yangi zavodlar va yuqori texnologiyali ishlab chiqarish liniyalari tushirildi. Yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishi, 4,5 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Yangi avtomobillar UzAuto Motors zavodida joriy qilingan Global Emerging Markets (GEM) global platformasi asosida ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu qo‘shimcha muhandislik yechimlarisiz bir necha turdagi avtomobillarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish degani. Mazkur loyihani o’zlashtirish uchun 427,6 million dollar miqdorida sarmoya kiritildi.

Yuqori bosim ostida ishlovchi alyuminiy silindr bloklarini ishlab chiqarishda ilg'or texnologiyadan foydalangan holda innovatsion dvigatellar oilasiga mansub CSS Prime dvigatellarining ishlab chiqarishni o'zlashtirish UzAuto Motors Powertrain kompaniyasida noldan boshlab amalga oshirildi. Innovatsion texnologiyalar tufayli, O’zbekistonda Chevrolet Onix va Tracker avtomobillarining mahalliylashtirish darajasini oshirishga xizmat qiluvchi MDHda yagona zavod ishga tushirildi.

Andijon viloyatida ishga tushirilgan “Kova foundry” quyuv zavodida cho’yan qismlar ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Bu yerda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarning yangi turlarini o‘zlashtirish maqsadida, metalni qayta ishlashda muhim bo‘lgan barcha bosqichlar jumladan, eritish, quyish, qoliplash va yuqori aniqlikdagi mexanik ishlov berish jarayonida zaruriy bo‘lgan ilg‘or, so‘nggi rusumdagi texnika hamda texnologiyalar jalb etildi. Yiliga 18 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatga ega korxonada, xomashyoning qo‘shilgan qiymatini 10 barobarga oshirib, ehtiyot qismlar importini 21 million dollarga qisqartirish imkoniyati mavjud.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida UzAuto tarmoq korxonalarida zamonaviy dvigatel sovutish tizimiga ega radiatorlar, Joyson Safety Systems avtomobilni boshqarish xususiyatiga ega ko’p funksiyali rul chambaragi hamda xavfsizlik yostiqchasi, shuningdek, zamonaviy va noyob texnologiyalar asosida ishlovchi plastik baklarni ishlab chiqarish yo’lga qoyildi. Bundan tashqari, “UzKoram-Co” MCHJda Chevrolet Onix va Tracker avtomobillari uchun yon oynalarni ishlab chiqarish o’zlashtirildi.

Birinchi marta zamonaviy usulda shu jumladan, ekstruziya uslubini qo’llagan holda, plastmassa va rezina qismlarni ishlab chiqarish va qayta ishlash yo’lga qoyildi. Shuningdek, plastik qismlarni ultratovushli payvandlash va ikki komponentli plastmassalarni bosim ostida quyish joriy etildi, bu esa yuqori germetiklikka, zarba yoki tebranish yutilishining yuqori ko'rsatkichlariga erishishga imkon beradi.

 

Zavodning modernizatsiya qilinishi avtomobil kuzov qismlarini issiq shtamplash orqali ishlab chiqarish jarayonini ham o’z ichiga oldi. UzSungwoo zavodida issiq shtamplash orqali Markaziy Osiyoda yagona to‘liq avtomatlashtirilgan metallni qayta ishlash tsexining tashkil etilishi Chevrolet Tracker va Onix modellari uchun 20 turdagi mahalliy butlovchi qismlarni ishlab chiqarish evaziga, qariyb 214,5 milliard so‘mlik import o‘rnini bosish imkonini berdi. UzSungwoo korxonasiga o’rnatilgan eng yangi texnologiyalardan foydalangan holda ishlab chiqilgan metallni issiq qayta ishlash liniyasi yetakchi jahon yetkazib beruvchilarining metallni kesish, issiq presslash va lazer bilan kesish uskunalari bilan jihozlangan bo‘lib, 2,4 million dona metall buyumlar ishlab chiqarish imkonini beradi hamda zaruriy uskunalarning 5 martagacha kamaytirish evaziga investitsiyalarni tejash imkonini beradi.

 

Innovatsion ishlab chiqarish texnologiyalarining joriy etilishi bevosita Asakadagi UzAuto Motors zavodining ishlab chiqarish quvvatlariga ham ta'sir ko'rsatdi. Asosiy ishlab chiqarish bo'linmalariga qo'shimcha ravishda kompaniya, boshqa payvandlash usullari bilan solishtirganda, ishlab chiqarish jarayonida yuqori aniqlik, korroziyaga chidamlilik va payvandlash choki, shuningdek, estetik, energiya tejashning yuqori darajasiga va ishlab chiqarishda atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan lazerli payvandlash jarayonini yo'lga qo'ydi.

Albatta, amalga oshirilgan loyihalar O‘zbekistonda avtomobilsozlikni yanada rivojlantirish va avtomobil ishlab chiqarish hajmini yiliga 500 ming donaga, kelgusida esa million donaga yetkazish uchun barcha sharoit va imkoniyatlar mavjud ekanini anglatadi.