Yangiliklar

“UzAuto” xodimlarining muvaffaqiyat tarixlari: presslash sexi ishlab chiqarish bo‘yicha muhandisi Jamoliddin Shokirov
2021-09-11 04:37:53 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

Bugungi qahramonimiz Jamoliddin Shokirov – “UzAuto Motors” korxonasi ikkinchi presslash sexi ishlab chiqarish bo‘yicha muhandisi.

Jamoliddin ish faoliyatini 2008 yil yig‘uv sexida chilangar-operatorlikdan boshlagan. Hozirgi kunda 2-toifali ishlab chiqarish muhandisi lavozimida ishlab kelmoqda.

U yaqinda “Tandem” liniyasida ADC robot qo‘llarini almashtirish (Die change)ga sarflanadigan vaqtni qisqartirish bo‘yicha o‘z ratsionalizatorlik loyihasini taqdim etdi. Ushbu loyiha ishlab chiqarish unumdorligini oshirish hamda tannarxni kamaytirishga qaratilgan.

Bu sohaga qanday kirib kelgansiz?

Mashinasozlik va mexanika sohasi bizga ota kasb hisoblanadi, bu kasb menga meros desa ham bo‘ladi. Shu qiziqishim tufayli Farg‘ona politexnika institutining «Mashinasozlik texnologiyasi» yo‘nalishida o‘qiganman.

Ratsionalizatorlik g‘oyasi sizda qanday paydo bo‘ldi?

2020 yilda «UzAuto» boshqaruv raisi Shavkat Buranovichning korxonamizga tashrifi chog‘ida bizni unumdorlikni oshirishga qaratilgan g‘oyalarni ko‘proq taqdim etishga chorladilar. G‘oya mualliflari o‘z g‘oyasining iqtisodiy samarasidan 10%ini pul mukofoti ko‘rinishi olishlarini ham aytib o‘tgan edilar. Biz ungacha ham o‘z g‘oya va takliflarimizni kiritar edik, lekin u paytlari mukofot puli boshqacha hisoblanar edi va xozirgidan ancha kam bo‘lar edi. Natijada, puxta ishlanmagan g‘oyalarni bormi-bor qilib topshirib yuborish hollari ham bo‘lgan.

Raisimiz tashrifidan keyin hamkasblarim ratsionalizatorlik g‘oyalarini kiritib haqiqatan ham katta pul mukofotlarini olayotganliklarini guvohi bo‘ldim. Pul mukofotlari 5 okladgacha olinganligini ham guvohi bo‘ldim. Shundan keyin men ham ish joyimdagi barcha jarayonlarga iqtisod qilish imkoniyati bor yoki yo‘qligi nuqtai nazaridan e’tibor bera boshladim.

Siz taklif etgan g‘oyaning mohiyatini gapirib bersangiz.

“Tandem” liniyasidagi robot qo‘llarini almashtirish (Die change) vaqtida operatorlar 12 daqiqa vaqt sarflar edilar.

Die change vaqtini qisqartirish uchun robot qo‘llarini liniyaning ichkarisiga olib kirdik. Robot qo‘llarini almashtirishga ma’sul operatorlar ustalar tomonidan o‘qitildi.

Harakatlanuvchi taglik harakatlanishi vaqtida xavfsizlikni ta’minlashda texnik xizmat ko‘rsatish va mehnat muhofazasi bo‘limi xodimlarining yordamlari katta bo‘ldi. Vaqtni tejash orqali ishlab chiqarish rejasini tez va sifatli bajarishga erishildi.

Sizning taklifingiz pul ko‘rinishida korxonaga qanday foyda keltirishi mumkin?

Robot qo‘llarini almashtirishga ketadigan vaqt 12 daqiqadan 8 daqiqaga tushirildi. Tejab qolingan 4 daqiqa vaqt bir yilda o‘rtacha hisoblaganda 3,542 mln so‘m tejalishiga olib keladi.

G‘oyangizni rasmiylashtirishda va taqdim etishda qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz?

Har bir seximizda ratsionalizatorlik takliflariga javobgar sex xodimi bor, biz g‘oyamizni unga topshiramiz va u tegishli mutaxassis va muhandislar fikrini o‘rganadi. G‘oya samarali deb topilsa, ratsionalizatorlik takliflari bilan shug‘ullanadigan bo‘limga topshiradi. To‘g‘risi, hech qanday qiyinchilikka duch kelmadim.

Ish jarayonini yaxshilashga qaratilgan g‘oyalar paydo bo‘lishi uchun xodimlar nimalarga e’tibor berishlari kerak deb hisoblaysiz?

Avvalambor, o‘z kasbini sevishi kerak deb o‘ylayman. Men shu kasbim orqali halol mehnat qilib oilamni boqyapman, demak shu korxona rivojiga ham hissa qo‘shishim kerak degan fikr bilan harakat qilishim kerak.

O‘z ishini yaxshi tushungan xodim uchun unumdorlikni oshirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish ancha yengil kechadi. Xodimlar o‘z ishiga befarq bo‘lmasliklari kerak. O‘z ish jarayonini doimiy ravishda tahlil qilib borishlari lozim.

Kelajakda boshqa ratsionalizatorlik takliflari kiritish niyatingiz bormi?

Hozir boshqa g‘oyalar ustida ham ishlayapmiz, faqat ular hali loyiha ko‘rinishida. Shuning uchun xozir ular haqida gapirib bera olmayman. G‘oya taklif qilishdan oldin samaradorligi isbotlanib, amaliyotda o‘z tasdig‘ini topishi kerak.