Korxona rahbarining korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha murojaati

“UzAuto Motors” AJ Bosh direktorining korrupsiyaga qarshi kurashish va
komplayens masalalari bo‘yicha murojaati
Hurmatli hamkorlar va jamoatchilik vakillari!
Bugungi kunda “UzAuto Motors” AJ o‘z faoliyatini nafaqat ishlab chiqarish samaradorligi va iqtisodiy ko‘rsatkichlar orqali, balki shaffoflik, halollik va mas’uliyat tamoyillariga qat’iy amal qilgan holda olib borishni ustuvor vazifa sifatida belgilagan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens tizimini biz faoliyatimizning ajralmas qismi deb bilamiz. Kompaniyada korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan mutlaqo murosasiz yondashuv joriy etilgan. Joriy yil boshida ushbu yo‘nalishda aniq maqsad va ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Korxonamizda joriy etilgan komplayens tizimi milliy qonunchilik talablariga to‘liq mos ravishda shakllantirilgan bo‘lib, ayni paytda uni ilg‘or xalqaro standartlar va eng yaxshi amaliyotlar asosida takomillashtirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, xodimlarning axloqiy xulq-atvor qoidalariga rioya etishini ta’minlash hamda kontragentlar bilan munosabatlarda shaffoflikni kuchaytirish komplaens siyosatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.
Komplaens – bu alohida bo‘lim yoki hujjatlar majmui emas. Bu har bir rahbar va xodimning kundalik faoliyatiga singdirilishi lozim bo‘lgan korporativ madaniyatdir. Shu bois kompaniyada xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish, muntazam o‘quv dasturlarini tashkil etish, ichki nazorat tizimini kuchaytirish va xavflarni boshqarish mexanizmlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Korxonada xavflarni aniqlash, baholash va boshqarishning samarali tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur tizim orqali barcha jarayonlar kesimida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflar tahlil qilinadi, ularning oldini olish bo‘yicha aniq choralar belgilanadi hamda ularning ijrosi doimiy monitoring qilinadi. Natijada tizim samaradorligi muntazam ravishda baholanib, takomillashtirib boriladi.
Komplayens madaniyatini shakllantirishda xodimlarni o‘qitish va xabardorlikni oshirish muhim o‘rin tutadi. Shu maqsadda barcha xodimlar uchun muntazam o‘quv dasturlari tashkil etilgan. Yangi ishga qabul qilingan xodimlar majburiy tarzda kirish treninglaridan o‘tkaziladi, rahbarlar va yuqori xavf guruhiga kiruvchi xodimlar uchun esa maxsus maqsadli o‘quv dasturlari yo‘lga qo‘yilgan.
Biz jamoatchilik va hamkorlar bilan o‘zaro ishonch va ochiqlikka asoslangan munosabatlarni qadrlaymiz. Har qanday qonunbuzarlik, noqonuniy yoki etik me’yorlarga zid xatti-harakatlar kompaniya qadriyatlariga mutlaqo zid ekanini alohida ta’kidlaymiz. Shu bois kompaniyada ishonchli va xavfsiz murojaat tizimi joriy etilgan bo‘lib, barcha murojaatlar sinchkovlik bilan ko‘rib chiqiladi, murojaat qilgan shaxslarning maxfiyligi to‘liq kafolatlanadi va ularga nisbatan har qanday ta’qibga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, “UzAuto Motors” AJ bozor iqtisodiyoti tamoyillariga amal qilgan holda sog‘lom raqobat muhitini qo‘llab-quvvatlashni muhim vazifa deb biladi. Shu munosabat bilan kompaniyada monopoliyaga qarshi komplaens tizimi ham joriy etilgan. Mazkur tizim raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash, bozordagi ustun mavqeni suiiste’mol qilish holatlarining oldini olish hamda insofsiz raqobatga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan.
Ishonamanki, ushbu yo‘nalishdagi izchil sa’y-harakatlar kompaniyamiz faoliyatining yanada shaffof, qonuniy va barqaror bo‘lishiga xizmat qiladi.
Barchangizni komplaens madaniyatini mustahkamlash, jamiyat va davlat oldidagi mas’uliyatimizni yuksak darajada ado etish yo‘lida faol ishtirok etishga chorlayman.
Hurmat bilan,
UzAuto Motors AJ Bosh direktori