Yangiliklar

21-fevral kuni Asaka shahridagi “UzAuto Motors” AJ zavodida kompaniyaning dilerlik markazlari kafolat muhandislari ishtirokida yuqori darajadagi yirik anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbir professional faoliyat yuritish uchun zarur bo'lgan barcha ko‘nikmalarni shakllantirish, tajriba almashish hamda hamkorlikni mustahkamlashga yo‘naltirildi.
Anjuman doirasida mahsulot sifati bo‘yicha keng qamrovli muhokama konferensiyasi tashkil etildi. Unda ishtirokchilar, kompaniya mutaxassislari hamda “UzAuto Motors Powertrain” zavodi vakillari ishtirok etib, sifatni oshirish va ishlab chiqarish jarayonlarini yanada takomillashtirish masalalarini atroflicha muhokama qilindi.
Tadbir avvalida so‘z olgan “UzAuto Motors” AJ Bosh direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Odiljon Bastamkulov qilingan ishlar, sa’y-harakatlarni e’tirof etib tadbirning ahamiyatini ta’kidladi: “Bunday ochiq muloqotlar orqali ishlab chiqarish jarayonidagi muammolarni va xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bilan mijozlar ehtiyojlariga mos yechimlarni ishlab chiqish imkonini beradi”– dedi u.
Konferensiyani “UzAuto Motors” AJ Sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Nodira Xojimatova olib bordi. U o‘z so‘zida sifatni oshirish, xizmat ko‘rsatish jarayonlarini yanada takomillashtirish va mijozlar bilan doimiy aloqada bo‘lish muhimligini ta’kidlab: “Mijozlarning ishonchi biz uchun ustuvor ahamiyatga ega. Shu bois xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va dilerlik markazlari bilan hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratamiz,” – dedi.
Tadbir davomida 2023–2024 yillar davomida aniqlangan nosozliklar, ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar muhokama qilindi. Shuningdek, diler kafolat muhandislari va zavod mutaxassislari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot tashkil etilib, mahsulot sifati, yetkazib berish jarayonidagi muammolar hamda iste’molchilardan kelib tushgan fikrlar va ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan takliflar ko‘rib chiqildi.
“Bizning asosiy maqsadimiz mijozlarga yuqori sifatli mahsulotlarni taqdim etishdir. Shuning uchun ishlab chiqarish jarayonlarini doimiy ravishda takomillashtirib, yuzaga kelgan muammolarni tezda hal qilishni maqsad qilganmiz. Dilerlik korxonalari bilan samarali hamkorlikda ishlash yuzaga kelgan muammolarni operativ hal qilishda jarayonni yaxshilashga yordam beradi.” – deydi “UzAuto Motors” AJ Ishlab chiqarish bo‘yicha boshqaruvchi direktor Dilshod Abduraxmonov.
Tadbirning ikkinchi qismida ishtirokchilar zavodning ishlab chiqarish uchastkalariga tashrif buyurib, avtomobil ishlab chiqarish, yig‘ish va sifat nazorati jarayonlari bilan batafsil tanishishdi. PDI (sifat nazorat ko‘rigi) uchastkasi faoliyati ham ko‘rib chiqilib, markaziy yuklash omboridagi ish jarayonlari tahlil qilindi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar va kompaniyaning brend mahsulotlari topshirildi. Tashkilotchilar tomonidan sifatni oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning davom ettirilishi va doimiy muloqotning ahamiyati ta’kidlandi.
Tadbir ishtirokchilari sifatni oshirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarning izchilligini va dilerlar bilan doimiy muloqotning yo‘lga qo‘yilganini e’tirof etib, tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirishdi.