Yangiliklar

Avtomobil ishlab chiqarishda maksimal yuqori ko‘rsatkichlarga erishish maqsadi qo'yildi
2022-03-16 22:46:42 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

UzAvto rahbariyatining Andijon viloyatidagi tizim korxonalariga tashrifi davom etmoqda. Joriy yilning mart oyi boshidan davom etayotgan tashrif doirasida, “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruv raisi Shavkat Umurzoqov o‘z o‘rinbosarlari, boshqarma boshliqlari va Komplayens xizmati vakillari ishtirokida Asaka shahridagi “UzAuto Motors” zavodi va sanoat korxonalarining biznes-rejalari ijrosini kompleks o‘rganmoqda.

Mazkur ishchi yig‘ilish doirasida “O‘zavtosanoat” rahbariyati korxonaning oddiy ishchi-xodimlari bilan bevosita muloqot qilish, ularning kayfiyatini o‘rganish maqsadida korxona va bo‘linma rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazish imkoniga ega bo‘ldi.

“O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov va korxona bosh direktori Bo Andersson yakkama-yakka hamda sohaning yetakchi mutaxassislari ishtirokida bir qancha mazmunli ishchi uchrashuvlar o‘tkazdi. Yig’ilishning asosiy maqsadi Asaka shahridagi UzAuto Motors zavodining biznes-rejasi ijrosini har tomonlama o‘rganishdan iborat.

15-mart kuni UzAuto Motorsda Shavkat Umurzoqov raisligida bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan ishchi yig‘ilishidagi asosiy mavzu 2022-yil uchun byudjet va biznes-reja masalalari bo’ldi. “O‘zavtosanoat” boshqaruv raisi o’zining qisqa kirish so‘zida bu yilgi biznes-rejada nafaqat belgilangan maqsadlarga erishish, balki 2021-yilda nimalar o’tkazib yuborilganiga ham jiddiy e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

Bu yilda butun avtomobilsozlik sanoati va UzAuto Motors oldiga aniq maqsad qo‘yildi – avtomobil ishlab chiqarishda maksimal yuqori ko‘rsatkichlarga erishish. Shu bilan birga, yig‘ilishda ta’kidlanganidek, avtomobil ishlab chiqaruvchilarning 2022 yilgi biznes rejasida doimiy o'zgaruvchan siyosiy-iqtisodiy muhit shuningdek, davom etayotgan logistika va yarimo'tkazgichlar inqirozi kabi qiyin sharoitlarda sifatni yaxshilash va ishlab chiqarishni optimallashtirish bilan mahsulot qatorini kengaytirish uchun juda katta maqsadlar qo'yilgan.