Yangiliklar

Cost Engineering muhandislari malakasini oshirish kursi yakunlandi
2024-07-18 12:48:58 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

“UzAuto Motors” AJ va ehtiyot qismlar yetkazib beruvchi tizim korxonalari muhandis xodimlari 3 bosqichli o‘quv kursini muvaffaqiyatli yakunladilar.

 

“O‘zavtosanoat” AJ tashabbusi bilan Oʻzbekiston avtomobilsozlik sohasida ishlab chiqarish raqobatbardoshligini oshirish, yosh kadrlarni “Industry 4.0” texnologiyalari bilan ishlashga tayyorlash va sohasidagi xodimlar salohiyatini oshirish, injeneringni rivojlantirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, import qilinayotgan mahsulot narhlarini opimallashtirish maqsadida, Italiyaning CIM 4.0 va MEC akademiyasi bilan hamkorligi negizida “Cost Engineering” mutaxassisligi boʻyicha malaka oshirish kurslari yoʻlga qoʻyilganligi xususida xabar berilgan edi.

Bir necha bosqichni o‘z ichiga olgan mazkur o‘quv kursi davomida tinglovchilar Should Cost (Kutilayotgan tannarx), Cost Benchmarking (Tannarx taqqoslovi), Cost Reduction (Tannarxni qisqartirish), Cost Management (Tannarxni nazorat qilish), Cost Modeling (Tannarxni shakllantirish) yoʻnalishlari boʻyicha jahon amaliyotini oʻrganishdi.

 

Har bir mashgʻulotlar Italiyaning malakali professorlari tomonidan avtomobilsozlik faoliyatida butlovchi qismlar tannarxini tahlil qilishda zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash, ilgʻor uslublarni amaliyotga joriy qilish boʻyicha ishlab chiqilgan oʻquv dasturi asosida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda o‘tkazildi.

Kursda tahsil olgan  Aziz Maxamatov o‘z taassurotlari bilan bo‘lishar ekan, u “Kurs davomidagi, barcha o‘quv materiallari haqiqiy ishlab chiqarish jarayonlari asosida tayyorlanganligi juda foydali. Har bir bosqichda alohida yo‘nalish bo‘yicha tahsil oldik.”- deydi.

Xususan, o‘quv mashg‘ulotlarining birinchi bosqichida butlovchi qismlar haqida texnik ma’lumotlarni yig‘ish va ular bilan ishlash masalalariga alohida ahamiyat berildi. Ishlab chiqarish jarayonlari xarajatlarini hisoblash bo‘yicha bilimlari mustahkamlandi va universal hisoblash formulalari andozasini yaratishga erishildi.

Malaka oshirish kursining “UzAuto Akademiya”sida o‘tkazilgan yakuniy bosqichida turli xil modellarning o‘xshash tarkibiy qismlarini taqqoslash (Benchmarking)ga qaratildi. Ular tomonidan yaratilgan universal hisoblash formulalarini qo‘llagan holda tahminiy tannarx hisoblash o‘zlashtirildi.

O‘quv mashg‘ulotlari yakuni bo‘yicha tinglovchilarning kurs dasturini o‘zlashtirish darajasi baholanib, xalqaro sertifikatlar topshirildi.

“UzAuto Akademiya” boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Uraymov akademiyaning kelgusidagi rejalari haqida to‘xtalar ekan, u Cost Engineering mutaxassislarini “Tooling Cost’’ (qolipsozlik xarajatlari tahlili), “Benchmarking cost” (Harajatlarni taqqoslash tahlili) yo‘nalishida bilimlarini oshirishi, bundan tashqari xorijiy hamkorlar bilan birgalikda R&D, Reverse Engineering, Packaging Engineering,  Software Engineering, Logistic va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha treninglar tashkil qilish yuzasida muzokaralar olib borilayotganini ta'kidladi.