Yangiliklar

16-aprel kuni Toshkent shahrida “SAP Business Unleashed Innovation Day” tadbiri doirasida UzAuto Motors kompaniyasi “The largest SAP project go live in Public Sector” — Davlat sektorida ishga tushirilgan eng yirik SAP loyihasi nominatsiyasida taqdirlandi.
Tadbirning tantanali ochilish marosimida SAP Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchi direktori Aleksandr Metechko hamda SAP O‘zbekistondagi boshqaruvchi direktori Maksim Kustarov ishtirok etishdi. Ular o‘z nutqlarida O‘zbekistondagi raqamli transformatsiya jarayonlariga alohida e’tibor qaratib, mahalliy kompaniyalarning innovatsion yondashuvini yuqori baholashdi. Ayniqsa, Maksim Kustarov UzAuto Motors bilan yo‘lga qo‘yilgan strategik hamkorlikning ahamiyatini ta’kidlab, bu kabi sherikliklar mamlakatda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va davlat sektorini raqamlashtirishda muhim rol o‘ynashini alohida qayd etdi.
SAP — butun dunyoda korxona resurslarini rejalashtirish (ERP) tizimlari bo‘yicha yetakchi kompaniya hisoblanadi. UzAuto Motors esa ushbu tizimni joriy qilish bilan korporativ boshqaruv, ishlab chiqarish jarayonlari va resurslar samaradorligini sezilarli darajada oshirishga erishdi.
Ushbu tizim orqali UzAuto Motors kompaniyasi biznes jarayonlarini zamonaviy SAP ERP platformasiga integratsiya qildi va boshqaruv, ishlab chiqarish logistika, xarid, kadrlar hamda mijozlar bilan ishlash jarayonlarini yuqori darajadagi raqamlashtirishga erishdi. Kompaniya real vaqt rejimida ma’lumotlarni tahlil qilish, resurslardan samarali foydalanish va boshqa bir qancha imkoniyatlarga ega bo‘ldi.
Ushbu mukofot UzAuto Motors kompaniyasining zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etishga, raqamli transformatsiyani chuqurlashtirishga va davlat sektori uchun ilg‘or tajribalarni shakllantirishga bo‘lgan yondashuvining yorqin ifodasidir.