Yangiliklar

“UzAuto Motors” AJda o’zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi nishonlandi
2022-10-22 05:00:04 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

21-oktabr – O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun. Sana munosabati bilan “UzAuto Motors” AJ Asaka avtomobil zavodi hamda Toshkent va Xorazm filiallarida “Qadring baland bo’lsin, ona tilim!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi Asaka tuman bo’linmasi rahbari Xasanova Maftuna, Asaka viloyati Asaka tuman hokimligi “Ummon” to’garagi rahbari Iminova Ro’zixon, ijodiy madaniy masalalar bo’yicha targ’ibotchi Mirxadjayeva Marhabo va korxona Kasaba uyushmasi raisi O'ktam Mirzayev hamda ishchi xodimlar ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Toshkent filialida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universitetining professori, filologiya fanlar doktori Muhayyo Hakimova hamda o’zbek tilshunosligi kafedrasining dotsent va professor-o'qituvchilari mehmon sifatida taklif etildi.

Tadbirni korxona ma'naviyat va ma'rifat ishlari bo'yicha mutaxassisi Matlubaxon Madrahimova maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etish masalalari bo'yicha kirish so'zi bilan ochib berdi.

So'ngra Kasaba uyushmasi qo’mitasi raisi O’ktam Mirzayev so'zga chiqar ekan, bugun ona tilimizning istiqboli, ona tilimizga hurmat ko‘rsatish,  unga e’tiborli bo’lish, til qoidalarini bepisandlik bilan buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik kabi qarashlarni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerakligi qolaversa yosh avlodni o‘z ona tiliga yuksak ehtirom ruhida tarbiyalash har birimizning vijdoniy burchimiz ekanligi alohida ta’kidlab o’tdi.

Shuningdek tadbir davomida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, uni milliy qadriyat sifatida targ'ib qilish, xalqaro mavqeini mustahkamlash, uning rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan yutuqlar hamda mavjud muammolar g borasida fikr-mulohazalar bildirildi. Mehmonlar tomonidan tayyorlangan taqdimotlar va  videoroliklar namoyish etildi.

Xorazm filialida o'zbek tiliga bag'ishlab "Zakovat" intelektual o'yini o'tkazildi. Jami 14 ta jamoa ishtirok etgan intellektual o‘yin qizg'in hamda ko‘tarinki ruhda bo'lib o'tdi. Unda axborot texnologiyalari bo'limining xodimlaridan tashkil topgan “Algoritm” jamoasi 1-o'rinni qo'lga kiritdi, 2-o'rinni sifat bo'limi xodimlaridan tashkil topgan "Quality Team" jamoasi, 3-o'rinni esa bugalteriya va moliya bo'limi xodimlaridan iborat bo‘lgan “Finans” jamoalari egalladi. Faxrli o'rinlarni qo'lga kiritgan jamoa ishtirokchilari Kasaba uyushmasi tomonidan qimmatbaho esdalik sovg'alar bilan taqdirlandi.

Tadbir so'ngida tashkilotchilar barcha ishtirokchilarni yana bir bor bayram bilan tabriklab, bu kabi tadbirlarni tez-tez o‘tkazilishining tarafdori ekanliklarini bildirishdi.