Yangiliklar

“UzAuto Motors” AJda Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni
2022-06-02 04:32:26 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni butun dunyo bolalari uchun eng beg’ubor va quvonchli bayram hisoblanadi. “UzAuto Motors” AJ kompaniyasi barcha ishlab chiqarish filiallarida kasaba uyushmasi bilan hamkorlikda xodimlarining farzandlari uchun maxsus bayramona tadbirlar tashkil etdi. Asaka zavodi va Toshkent filialidan 300 nafarga yaqin ishchi xodimlarning farzandlari teatrga taklif etildi. Ular uchun maxsus tayyorlangan  quvnoq spektakl namoyish etildi.

Andijon bolalar va yoshlar teatrida taqdimotdan tashqari, bolalar uchun alohida ko’rik tanlovlar tashkil etildi. Xususan,  rasm chizish, she'r o'qish va eng muhimi, ota-onasining ish joyi ya’ni zavod haqidagi bilimlari borasida bellasha olishi mumkin bo'lgan alohida tanlovlar tashkil etildi. Tanlov g'oliblari qimmatbaho esdalik sovg'alari bilan taqdirlandilar.

Shuningdek, Toshkentdagi O’zbek Milliy Qo’g’irchoq teatrida spektakl boshlangunga qadar rasm chizish va raqs bo’yicha mahorat darslari tashkil etildi.

UzAuto Motors AJ Xorazm filiali jamoasi ushbu bayramni bir necha kun davomida nishonlashga qaror qilishdi. Xodimlar farzandlarini ajoyib sovg’alar, unutilmas taasurotlar kutmoqda. Ular uchun yorqin taqdimotlar tayyorlanmoqda.

Bundan tashqari, ushbu  kunda bolalarga "ota-onasining ish joyiga borish", ya'ni ishlab chiqarish jarayonlari va ota-onalarning ish joylari bilan yaqindan tanishish imkoniyati berildi.