Yangiliklar

“UzAuto Motors” AJ mutaxassislari Ozarbayjonda mijozlarga zamonaviy servis xizmatlari taqdim etishda distribyutor korxona xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdi
2025-05-15 14:26:45 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

“UzAuto Motors” AJ xalqaro bozorda faoliyatini kengaytirar ekan, nafaqat avtomobillarni yetkazib berish, balki mijozlarga sotuvdan keyingi xizmat sifatini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda. 

Hozirgi kunda avtoservis korxonalarining ahamiyati sezilarli darajada oshib bormoqda. Avtomobillarni sotish va sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatish jarayonida yangi turdagi xizmat ko‘rsatish ishlariga tezkor moslashuvchanlik qobiliyatini talab qiladi. Shu maqsadda, “UzAuto Motors” AJ Sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatish boshqarmasi mutaxassislari Ozarbayjonga ishchi tashrif bilan rasmiy dilerlik korxonasi mutaxassislari uchun uchrashuv o‘tkazdi. 

Uchrashuv doirasida distribyutorlik korxonasi vakillari uchun servis xizmatining ilg‘or standartlari, mijozlar bilan ishlash madaniyati, texnik xizmat ko‘rsatish jarayonlari va zamonaviy yondashuvlar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazdi. Shu bilan birga, amaliy mashg‘ulotlar orqali servis xodimlari real sharoitlarda qo‘shimcha servis xizmatlarini ko‘rsatish, maxsus jihozlarni o‘rnatish va servis uskunalari imkoniyatlaridan unumli foydalanish bo‘yicha tushuntirishlar olib borildi.

“Bunday uchrashuvlar biz uchun juda foydali. Ayniqsa, mijoz bilan ishlashda eng so‘nggi texnologiyalar, zamonaviy servis jihozlari va qo‘shimcha xizmat haqida yangi ko‘nikmalarni oldik. Endilikda bu tajribani o‘z faoliyatimizda tatbiq etishga tayyormiz.” — deydi Elchin Magerramov, Boku shahridagi rasmiy dilerlik markazi vakili.

Uchrashuv davomida, mijozlar bilan ishlashda va yangi avtomobilni sotish jarayonida uning uzoq muddat xizmat qilishi uchun servis xizmatlarini o‘z vaqtida va belgilangan talablar asosida ko‘rsatish muhimligi ta’kidlandi. Mijozlarga texnik xizmat ko‘rsatishning ahamiyati va vaqtida amalga oshirilishi bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.

“Kompaniya har doim mijozlar ehtiyojlarini chuqur o‘rganish va avtomobildan uzoq muddat foydalanishni  ta’minlaydigan servis xizmatlarini taklif etishga intiladi. Bozor talablari va mijozlarning xohish istaklarini inobatga olgan holda tashkil etilgan ushbu uchrashuv mijozlarni qo‘llab-quvvatlashda servis xizmatlari sifatini yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi. Shuningdek, ushbu tajriba Ozarbayjon bozorida sifatli qo‘shimcha servis xizmatlarini taqdim etishga tayyor kadrlar bazasini mustahkamlashga ham xizmat qiladi deb umid qilamiz.” -  deydi “UzAuto Motors” AJ Sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatish boshqarmasi direktori Nodira Xodjimatova.

Kompaniya mutaxassislari va dilerlik korxonalar o‘rtasida mijozlarga xizmat ko‘rsatishni yuqori darajada ta’minlash uchun bunday uchrashuvlar muntazam ravishda o‘tkazib boriladi.