Yangiliklar
UzAuto Motors ikkita yangi tijorat avtomobillari Chevrolet Damas Max yuk tashishga mo‘ljallangan va Chevrolet Damas Move yo‘lovchi tashish uchun mo‘ljallangan modellarini bozorga chiqarilayotganini ma’lum qiladi. Har ikkala model ham tadbirkorlar hamda oilaviy mijozlar talablarini inobatga olgan holda yaratilgan bo‘lib, keng sig‘im, yuqori samaradorlik va hamyonbop narxning optimal uyg‘unligini taklif etadi.

Yangi Chevrolet Damas Move xaridorlarning talab va istaklariga javob tariqasida taqdim etildi, u qulaylik, sig‘imdorlik, xavfsizlik va funksionallik bo‘yicha zamonaviy talablarga to‘liq mos keladi. Yetti nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan ushbu avtomobil oilaviy sayohatlar uchun ham, tadbirkorlik faoliyati uchun ham birdek qulay. Keng va shinam salon, puxta o‘ylangan ergonomika ishonchli texnik asos bilan uyg‘unlashadi. Xaridorlarga ikki xil atmosferali dvigatel taklif etiladi: 1,2 litrli, 81 ot kuchiga ega dvigatel 5 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan, shuningdek 1,5 litrli, 103 ot kuchiga ega dvigatel esa 6 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan. Ikki agregatdan birini tanlash imkoniyati vazifalar va ekspluatatsiya sharoitlariga bog‘liq holda universallik va samaradorlikni ta’minlaydi.
Chevrolet Damas Max 650 kg gacha yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega bo‘lib, yukxonasida 3 m³ dan ortiq foydali joy taklif etadi. Bu esa biznes uchun eng maqbul yechim hisoblanadi.

Bazaviy komplektatsiya barcha zarur jihozlarni o‘z ichiga oladi: haydovchi va old yo‘lovchi uchun xavfsizlik yostiqchalari, elektron barqarorlashtirish tizimiga ega ABS + EBD, markaziy qulflash tizimi, masofadan boshqariladigan kalit.
Iqlim qulayligi esa Move komplektatsiyasida ikki zonali konditsioner, Max komplektatsiyasida esa bir zonali konditsioner orqali ta’minlanadi. Har ikkala komplektatsiya ham o‘g‘irlikka qarshi tizim va signalizatsiya bilan jihozlangan.
Texnik yechimlar avtomobilning ishonchliligi va texnik xizmat ko‘rsatishdagi soddaligini ta’minlashga qaratilgan: old osma mustaqil, “Makferson” turida, orqa osma esa ressorali. Old tormozlar diskli, orqa tormozlar esa barabanli. Rul boshqaruvi elektron kuchaytirgich bilan jihozlangan.
Interyer amaliy uslubda ishlangan: o‘rindiqlarni to‘rt yo‘nalishda sozlash imkoniyatiga ega, mato qoplamali salon bilan jihozlangan, stakan qo‘yish joylari mavjud, shuningdek ikki dona dinamik o‘rnatilgan.
Yangi Chevrolet Damas o‘zidan oldingi modeliga nisbatan sezilarli darajada yaxshilangan xususiyatlarga ega, jumladan: dvigatel quvvati 81 ot kuchi va 103 ot kuchini tashkil etadi (+43 ot kuchi va +65 ot kuchi), yuk ko‘tarish quvvati 650 kg (+250 kg), yuk tashish versiyasida yuk bo‘limi hajmi 3050 l (+850 l), g‘ildirak bazasi 2850 mm (+1010 mm), uzunligi 4425 mm (+930 mm), kengligi 1670 mm (+270 mm) tashkil etadi.
Yo‘lovchi tashish versiyasida qo‘shimcha ravishda uchinchi o‘rindiqlar qatoridan keyin joylashgan, hajmi 496 litr bo‘lgan bagaj bo‘limi mavjud.
Yangi Chevrolet Damas, Damas modelining mantiqiy rivoji bo‘lib, mijozlar uchun eng muhim bo‘lgan barcha xususiyatlarni yanada amaliy va foydaliroq qildi. Shu bilan birga, Damas’ning avvalgi versiyasi ishlab chiqarilishi davom ettiriladi va u Chevrolet’ning barcha dilerlik markazlarida avvalgidek sotuvda bo‘ladi.
Tavsiya etilgan chakana narxlar va mavjud komplektatsiyalar:
DAMAS MAX VAN 1.2 LV0 134 439 000 so‘m
DAMAS MAX VAN 1.5 LV0 142 471 000 so‘m
DAMAS MOVE PAS 1.2 LV0 139 675 000 so‘m
DAMAS MOVE PAS 1.2 LV1 144 563 000 so‘m
DAMAS MOVE PAS 1.5 LV0 149 011 000 so‘m
DAMAS MOVE PAS 1.5 LV1 154 128 000 so‘m
Sotuvlar boshlanishining aniq sanasi qo‘shimcha ravishda e’lon qilinadi.
Qo‘shimcha ma’lumotlarni UzAuto Motors call-markazidan +99878 141 77 77 telefon raqami va chevrolet.uz sayti orqali hamda Chevrolet rasmiy dilerlaridan olishingiz mumkin.