Yangiliklar
Bugun, 22-noyabr kuni, Ozarbayjon poytaxti Boku shahridagi «Expo markaz» ko‘rgazmalar majmuining markaziy pavilonlarida Markaziy Osiyo ishlab chiqaruvchilari ko‘rgazmasi o’z ishini boshladi. Unda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar qatorida “O‘zavtosanoat” AJ barcha asosiy ishlab chiqaruvchi tarmoq korxonalari bilan ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, dunyoning yetakchi kompaniyalari tashrif buyurishgan.
Ko‘rgazma asosiy yo‘nalishlaridan biri O‘zbekiston avtomobil sanoatiga bag‘ishlangan bo’lib, unda «O‘zavtosanoat» AJ tarkibiy tarmoq korxonalari, xususan, “UZAUTO MOTORS” AJ, “BYD UZBEKISTAN FACTORY” MCHJ, “SamAuto” QK MCHJ, “Uz Claas agro” MCHJ QK, “UzАuto Motors Powertrain” MCHJ, “Uz Class agro” va boshqa bir qator mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘z mahsulotlar qatorini namoyish etmoqda.
Ko‘rgazma yuqori saviyada tashkil etilgan bo‘lib, unga Ozarbayjonlik hamkorlar tomonidan katta qiziqish bildirilmoqda. Shu bilan birga, xorijiy hamkorlar bilan kelishuvlarga erishish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Milliy mahsulotlarimiz namoyishiga bag‘ishlangan mazkur tadbir tashrif buyuruvchilarni respublikamizning ilmiy-ishlab chiqarish, iqtisodiy-investitsiyaviy salohiyati hamda innovatsion loyihalari bilan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Alohida aytish joizki, mazkur ko‘rgazma “O’zavtosanoat” AJ vakillari uchun turli xalqaro kompaniyalar bilan savdo-iqtisodiy kooperatsiya tuzish, mavjudlarini yanada kеngaytirish, istiqbolli loyihalar ishlab chiqish va uni amalga oshirish, eksport shartnomalarini imzolash uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Bu o‘z navbatida mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatining yanada yuksalishiga xizmat qiladi.
Eslatib o’tamiz, ko’rgazma 25-noyabr kuniga qadar davom etadi.