Yangiliklar

UzAuto Motors: Kadrlar salohiyatini oshirish yo’lidagi xalqaro hamkorlik
2023-06-22 09:07:25 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

Bugungi kunda ishlab chiqarish sohasiga zamonaviy innovatsion texnologiyalar, yangicha yondashuvlar joriy etilmoqda. Sohani transformatsiya qilish va raqamlashtirish bo‘yicha izchil saʼy-harakatlar olib borilmoqda. 

Bu boradagi ishlarning samaradorligini yanada oshirish soha mutaxassislarini ilg‘or xorijiy tajriba bilan tanishtirish orqali ularning malakasini oshirishni talab etadi. Shu maqsadda “O‘zavtosanoat” AJ tashabbusi bilan Oʻzbekiston avtomobilsozlik sohasida ishlab chiqarish raqobatbardoshligini oshirish, yosh kadrlarni “Industry 4.0” texnologiyalari bilan ishlashga tayyorlash va sohasidagi xodimlar salohiyatini oshirish, injineringni rivojlantirish, ishlab chiqarish samaradorligini yuqorilash, import xarid hajmini pasaytirish maqsadida Italiyaning CIM 4.0 va MEC akademiyasi bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.

Xususan, mazkur hamkorlik negizida kuni kecha UzAuto Motors Asaka avtozavodida “Sanoat ishlab chiqarish texnologiyalari” mutaxassisligi boʻyicha malaka oshirish kurslari boshlandi.

Unga koʻra, ishlab chiqarish boʻyicha texnolog injinerlar va konstruktor injinerlar 3 bosqichda 1 yil davomida oʻqitiladi. Mutaxassislar Should cost, Cost Benchmarking, Cost Reduction, Cost Management, Cost Modeling yoʻnalishlari boʻyicha jahon amaliyotini oʻrganishadi. Har bir bosqich mashgʻulotlari 3 oy mobaynida masofaviy va an’anaviy tarzda oʻtkaziladi.

Ayni paytda “UzAuto Motors” AJ va “O‘zavtosanoat” AJ tarmoqlaridan tanlov asosida saralab olingan jami 32 nafar xodimlarga oʻqishning birinchi bosqichi boshlandi. Har bir mashgʻulotlar avtomobilsozlik faoliyatida butlovchi qismlar tannarxini tahlil qilishda zamonaviy texnologiyalarni oʻrganish va qoʻllash, oʻzaro tajriba almashish, ilgʻor uslublarni amaliy targʻib qilish boʻyicha ishlab chiqilgan oʻquv dasturi asosida olib boriladi. Unda muhandislar jahon miqyosida tannarx belgilash metodlari bilan yaqindan tanishib oʻrganishmoqda. Oʻquv-mashgʻulotlarini Italiyaning malakali mutaxassislari tomonidan olib borilmoqda. Mashg‘ulotlar ishdan ajratilmagan holda intensiv shaklda o‘tkazilmoqda.

O‘quv kurslardan asosiy maqsad mahalliy mutaxassislarning sohaga oid nazariy bilimlari va amaliy ko’nikmalarini oshirish, ularni xorijiy tajriba bilan tanishtirish va uni mamlakatimizda joriy etishdan iborat.

Mashgʻulotlar soʻnggida tinglovchilar birinchi bosqich yakuni boʻyicha imtihon topshirib, ikkinchi bosqichga oʻtishadi.

Xodimlarning kasbiy mahoratini yuksaltirish zavodni rivojlantirishga turtki beradi. Zero, yetuk kadrlar hal qiluvchi kuch hisoblanadi.