Yangiliklar

"UZAUTO MOTORS" AJ KORXONASIDA NAVBATDAGI PRESS-TUR BO’LIB O’TDI
2021-03-30 17:30:50 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

Bugungi kunda mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu munosabat bilan,  Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti  talabalari, “Turizm va servis” kafedrasi professor – o’qituvchilari hamda taniqli Turizm kompaniyalarini mamlakatimizdagi avtomobilsozlik bilan yaqindan tanishtirish va boshqa sanoat obyektlarini turizm yo'nalishlariga kiritish maqsadida “UzAuto Motors”  AJning Asaka shahridagi  ishlab chiqarish korxonalariga ikki kunlik press-tur o'tkazildi.

Manzilga yetib kelingandan so'ng, tadbir ishtirokchilari “UzAuto Motors” AJ vakillari tomonidan iliq kutib olinib, to'g'ridan-to'g'ri Asaka shahrida joylashgan avtomobil zavodiga olib borildi. So’ngra, mehmonlarga xavfsizlik bo'yicha instruktaj tushuntirilib, avtomobillarni yig'ishning to’liq jarayonini ko'rsatish maqsadida ishtirokchilarga presslash, yig'ish va payvandlash sexlariga ekskursiya uyushtirildi.

Shuningdek, ularga Chevrolet Tracker va Onix avtomobillari, ular uchun yangi joriy qilinadigan ranglar va qo'shimcha optsiyalar namoyish etildi. Ekskursiya yakunida brifing uyushtirilib, ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi. Press – tur ishtirokchilarining keying manzili "UzAuto Motors" AJ tarkibiga kiruvchi mamlakatimizning eng jozibali kurort zonalaridan biri bo'lgan Xonobodga yo’naltirilib, u yerda tadbir qatnashchilari uzoq yo’ldan so'ng vaqtlarini maroqli o'tkazdilar.  

Xonobod sanatoriyasi shaharning yuqori qismida joylashgan hamda bog'lar va chiroyli manzaralar bilan o'ralgan. Bu yerda fizioterapiya, dorivor vannalar, Sharko dushi, parafinoterapiya, fitoterapiya, maxsus ixtisoslashtirilgan tekshiruvlar, laboratoriya va JST tekshiruvi, sog’lomlashtiruvchi fitnes, sayr qilish imkoniyati, shuningdek suzish havzasi, qishki va yozgi sport maydonchalari kabi 27 xildagi sog'liqni saqlash muolajalari mavjud. 

Press-turning keyingi kunida ishtirokchilar “UzErae Climate Control” va “UZ-SAEMYUNG Co” kabi mahalliylashtirish qo'shma korxonalarida bo’lishdi.

Bu korxonalarda ham barcha ishtirokchilar uchun qiziqarli va mazmunli ekskursiyalar tashkil etildi. Tur yakunlangach, mehmonlar Toshkentga ko’plab unutilmas taassurotlar bilan qaytishdi.