Yangiliklar

22-avgust kuni “UzAuto Motors” AJ Xorazm filiali Pitnak avtomobil zavodida dilerlik korxonalari kafolat muhandislari va kompaniya mutaxassislari ishtirokida navbatdagi konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir, avval Asaka zavodida boshlangan ochiq muloqotning izchil davomi sifatida, mahsulot sifatini oshirish va xizmat ko‘rsatishni takomillashtirishga bag‘ishlandi.
Xorazm filiali bugungi kunda Damas va Labo avtomobillarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, zavodning ishlab chiqarish quvvati yiliga 150 000 avtomobilni tashkil etadi. Yil boshidan buyon o‘tgan 7 oy davomida Damas sotuvi bo‘yicha Cobalt modelidan keyin ko‘p xarid qilinadigan avtomobillar qatoridan o‘rin olgan. Bu ko‘rsatkich ushbu modellar uchun yuqori talab mavjudligini ko‘rsatadi.
“UzAuto Motors” AJ bosh direktori Yanosh Kovach Zoom orqali tadbirni ochib, dilerlik korxonalari vakillariga tashakkur bildirar ekan, ochiq muloqot va sifatni oshirishning strategik ahamiyatini ta’kidladi. U konferensiya doirasida tajriba almashish mijozlarning mahsulotga ishonchini yanada kuchaytirishini e’tirof etdi. Kompaniya ijrochi direktori Odiljon Bastamkulov esa Damas va Labo modellarining ishlab chiqarish jarayonlariga alohida e’tibor qaratilayotganini, sifat masalasi faqat zavodda emas, balki dilerlar va mijozlar bilan samarali ochiq muloqot davomida shakllanishini keltirib o‘tdi. Shuningdek, Xorazm viloyati, Pitnak shahridagi filial boshqaruvchi direktori Sobir Jumaniyozov ushbu modellarning bozordagi ulushi ortib borayotgani sifatga yanada katta e’tibor qaratishni talab etishini ko‘rsatib berdi, hamda konferensiya muammolarni joyida aniqlash va ularni amaliy yechimlar bilan bartaraf etishda muhim maydon bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.
Konferensiyani “UzAuto Motors” AJ Sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Nodira Xojimatova olib bordi. U mijozlar bilan ishlashda sifatni doimiy nazorat qilish va zamon talablariga mos xizmat ko‘rsatishni tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, kompaniya rahbariyati nomidan ishtirokchilarni qutlab, konferensiyaning tajriba almashish, yangi istiqbollarni belgilash va hamkorlikni mustahkamlashda asosiy platforma ekanini ta’kidladi.
Tadbirda 100 ga yaqin dilerlik korxonalari rahbarlari va kafolat muhandislari ishtirok etib, mahsulot sifati, kafolat va servis xizmatlarini takomillashtirish masalalariga oid muhokamalar o‘tkazildi. Shuningdek, so‘nggi vaqtlarda kuzatilayotgan sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatish jarayonlarida avtomobilda aniqlanayotgan muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ham ko‘rib chiqildi. Muhokamalar davomida iste’molchilardan kelib tushgan fikrlar va ijtimoiy tarmoqlardagi mulohazalar ham tahlil qilindi.
Tadbirning ikkinchi qismida ishtirokchilar zavodning ishlab chiqarish uchastkalariga tashrif buyurib, yig‘ish liniyalari va sifat nazorati (PDI) jarayonlari bilan batafsil tanishdilar. Shuningdek, markaziy yuklash omboridagi ish jarayonlari ham ko‘rib chiqildi.
Tadbir yakunida qatnashchilarga sertifikatlar topshirildi. Ishtirokchilar sifatni oshirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarning izchilligini va dilerlar bilan doimiy muloqotning yo‘lga qo‘yilganini e’tirof etib, tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirishdi.
Mazkur tadbir avvalgisidan farqli ravishda dilerlar va mutaxassislarning faol ishtiroki, ochiq muloqotga bo‘lgan qiziqishi bilan ajralib turdi. Samimiy va do‘stona muhitda o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilar hatto sherxonlik qilib, mazmunli she’rlar o‘qishdi. Unda jamoaviy hamkorlik, bir maqsad yo‘lida birlashish va mijozlarga e’tibor ko‘rsatish g‘oyalari alohida ta’kidlandi. Ushbu badiiy chiqishlar tadbirga alohida ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlab, muloqot jarayonlarini yanada jonlantirdi.