Yangiliklar

KADRDA
2023-02-11 03:30:27 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

Bugun “Kadrda” ruknini biz “Texnik o’zgarishlarni boshqarish” bo’linmasining texnik hujjatlar muhandisi haqida gapirish bilan boshlaymiz. U kompaniya tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotga tegishli barcha texnik o’zgarishlarning nazoratini amalga oshiradi. Tanishing, ishlab chiqarilayotgan mahsulotni loyihalashdan to ishlab chiqarish liniyasiga tushgunga qadar nazoratni amalga oshiruvchi muhandis, shu bilan birga Zulfiya nomidagi davlat mukofoti laureati, Beruniy nomli Davlat stipendiyasi sohibasi Tuxtasinova Gulsaraxon.

Gulsaraxon Tuxtasinova professional tajribaga ega. U UzAuto Motors AJ Asaka avtomobil zavodidagi mehnat faoliyatini 2011 yilda ishlab chiqarish boshqarmasida ish yurituvchi lavozimida boshlagan.

Kompaniyadagi 12 yillik faoliyati davomida juda katta tajriba orttirgani haqida gapiradi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, korxona uning oilasiga aylanib ulgurgani va eng asosiysi UzAuto Motors’dek katta jamoada ishlash baxtiga muyassar bo’lgani, korxonaning erishgan maqsadlariga o’z hissasini qo’shib kelishi bu uning uchun katta baxt ekanligini bildiradi: “Korxonani bir oila deb olsak, adashmagan bo’laman, sababi bir kunda 8 soat umrim shu jamoada o’tadi hamda unda o‘ziga xos bir iliq muhit bor. Agarda uzoq vaqt ishga kelolmay qolsam, nimamnidir yo‘qotib qo‘ygandek his qilaman. Xabaringiz bor, korxonamiz o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan yangi GEM loyihasi CHEVROLET TRACKER modelining omadli startiga erishdi. Endigi maqsadimiz esa, CHEVROLET ONIX modelini doimiy ishlab chiqarish darajasiga erishish. Bu yo‘lda barchamiz bir jamoa bo‘lib mehnat qilmoqdamiz. Ushbu maqsadlarga erishishda oz bo‘lsada o‘z hissamni qo‘shayotganimdan mamnunman.”- deya xursandligini bildiradi.

Kompaniyadagi deyarli 12 yillik faoliyati davomida tashabbuskorligi sabab avtomobillardagi texnik o’zgarishlar bo'yicha ko'plab innovatsion loyihalarda ishtirok etgan. O’tgan davr mobaynida Gulsaraxon Respublika va chet mamlakatlardagi nufuzli xalqaro tanlovlarda ishtirok etib, g’oliblikni qo’lga kiritgan.  Bundan tashqari, korxonadagi fidokorona mehnatlari uchun faxriy yorliq bilan taqdirlangan. 

Bugungi kunda uning kasbiy vazifalariga General Motors Global bilan hamkorlikda ECM-Engineering Change Management tizimida ishlab chiqarilayotgan mahsulotga kiritilayotgan texnik o’zgarishlar bo’yicha ishlarni olib borish kiradi.

Bunda qahramonimiz xorijiy hamkorlar bilan birgalikda taklif etilayotgan o‘zgarishni nimalarga ta’siri bor va qanday natijalarga erishish mumkinligini texnik tomondan ko‘rib, o’rganib chiqadi.

“Kompaniyadagi faoliyatim davomida katta ish tajribasiga hamda kasbiy bilim va ko‘nikmalarga ega bo’ldim. Qo‘yilgan vazifa va topshiriqlarni bajarish bo’yicha masalalarni tezda hal qilishni o‘rgandim. Ishimda eng muhimi mas’uliyatli bo’lish va yuklatilgan vazifalarni sifatli bajarish deb bilaman», – deydi mutaxassis.

Gulsaraxon texnik nazorat ustida ishlashdan tashqari, ikki farzandning onasi. U ayol kishi bo’lishiga qaramay, o’z ustida tinimsiz ishlaydi. Texnik bilimlarni yanada mustahkamlash uchun ilmiy izlanishlar bilan shug’ullanadi. Bundan tashqari xorijiy tillardan birgina ingliz tili bilan cheklanib qolmay,  Xitoy tilini ham o’rganmoqda.  Shuningdek, kelgusi besh yilda ishlab chiqarish va ta’limni integratsiya qilgan holda PhD ilmiy darajasini olib, o’z mehnati va bilimi bilan korxona rivojiga hissa qo’shishni maqsad qilgan.