Yangiliklar

“UzAuto Motors” AJ UzAutoSavdo onlayn platformasining yangilangan versiyasini ishga tushirdi
2025-06-03 11:34:09 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

“UzAuto Motors” AJ Chevrolet brendi avtomobillarini masofadan turib xarid qilish imkonini beradigan raqamli savdo platformasi  UzAutoSavdoning  yangilangan versiyasini ishga tushirilganini ma’lum qiladi.

Tizimni yanada takomillashtirish ishlari, avvalo, mijozlar uchun qulaylikni oshirish, funksionallikni yaxshilash hamda saytning yanada yuqori darajada shaffofligi va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan. 

UzAutoSavdo platformasining yangilangan versiyasi quyidagi qulayliklarni o‘z ichiga oladi:

–yangilangan va foydalanuvchi uchun tushunarli, intuitiv interfeys;

–smartfonlar va kompyuterlar kabi barcha turdagi qurilmalarga moslashuvchan dizayn;

–ro‘yxatdan o‘tish va tizimga kirish jarayonlarining soddalashtirilgan ko‘rinishi;

–avtomobil modellari qatorining yaxshilangan vizualizatsiyasi;

–mavjud avtomobillar katalogining kengaytirilgan shakli;

–takomillashtirilgan qulay navigatsiya, yaxshilangan axborot tuzilma va boshqa funksiyalar.

Yangilangan platformaning asosiy afzalliklaridan biri – bu shartnomani to‘liq masofadan turib rasmiylashtirish imkoniyatidir. Endi mijozlar avtomobil tanlashdan tortib, shartnoma olish va to‘lovni amalga oshirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni onlayn tarzda amalga oshirishlari mumkin. Dilerlik markaziga faqat avtomobilni qabul qilib olish uchun borish kerak bo‘ladi.

Hozirda sayt test rejimida ishlamoqda. Tez orada platformada yangi qulay funksiyalar ishga tushiriladi — masalan, test-drayvga yozilish va avtomobilga texnik xizmat ko‘rsatish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati taqdim etuvchi funksiyalar paydo bo‘ladi. Har bir foydalanuvchi OneID  tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tib, UzAutoSavdo tizimi orqali ko‘rsatiladigan barcha xizmatlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Ta’kidlash joizki, loyihani amalga oshirish “UzAuto Motors” AJning zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mijozlar tajribasini yaxshilash va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan raqamli transformatsiya strategiyasining bir qismidir.