Yangiliklar

“AKFA ENGINEERING AND MANAGEMENT”NING “UZAUTO MOTORS”GA TASHRIFI
2021-04-24 15:41:14 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

Joriy yilning 22-23 aprel kunlari “UzAuto Motors” AJning Asaka shahrida joylashgan zavodida “Akfa Engineering and Management” hamda respublika mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida navbatdagi press-tur bo‘lib o‘tdi.

 

“Brendlar mehmonda” loyihasi asosida tashkil etilgan press-tur do‘stona va ijtimoiy munosabatlarni rivojlantirishga, kompaniyalar o‘rtasida amaliy tajriba almashish, shuningdek, zamonaviy talablar hamda ilg‘or texnologiyalarga javob beradigan biznes jarayonlarni o‘rganishga qaratilgan.

 

Tadbirning birinchi kunida ishtirokchilar  «Uz-Tong Xong Ko» hamda «O’zErae Climate control» kabi mahalliylashtirish qo‘shma korxonalarida bo‘lishdi. Ekskursiya davomida qatnashchilar zavoddagi ishlab chiqarish jarayonlari va xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi.

 

Press-turning navbatdagi kunida mehmonlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri “UzAuto Motors” AJning Asaka shahrida joylashgan zavodiga tashrif buyurishdi. Manzilga yetib kelgan mehmonlarga xavfsizlik bo‘yicha instruktaj berildi. Shundan so‘ng avtomobillarni yig‘ishning butun jarayonini ko‘rishlari uchun presslash, yig‘ish va payvandlash sexlariga ekskursiya uyushtirildi. 

 

Korxonalar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish maqsadida tashkil etilgan press-tur, savol-javob bilan yakunlandi. Unda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Fursatdan foydalanib, “Brendlar mehmonda” loyihasi doirasida “Akfa Engineering and Management” korxonasi vakillari “UzAuto Motors” AJ xodimlarini o‘zlarining ishlab chiqarish binolariga taklif etib, ekskursiya uchun o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi.