Yangiliklar

Andijon viloyatining Xo’jaobod tumanida “O‘zavtosanoat” AJ tashabbusi va “UzAuto Motors” AJ ko‘magida Andijon futbol klubini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bunyod etilgan zamonaviy sport kompleksi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida Andijon viloyati hokimi va viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Shuhratbek Abdurahmonov, “O‘zavtosanoat” AJ Boshqaruv raisi o‘rinbosari Farhod To‘rayev, “UzAuto Motors” AJ ijrochi direktori Odiljon Bastamkulov, shuningdek, o‘zbek futboli afsonasi Birodar Abdurayimov, sport sharhlovchilari Davron Fayziyev va Hayrulla Hamidov hamda futbol jamoasi a’zolari va boshqa faxriy mehmonlar ishtirok etishdi.
Barpo etilgan ushbu sport kompleksi zamonaviy standartlarga to‘liq javob beradi. Unda professional mashg‘ulotlar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan: maxsus stadion, trenajyor zal, suzish havzasi hamda boshqa infratuzilmalar jamoa a’zolari ixtiyoriga topshirildi. Bu esa nafaqat “Andijon” futbol klubi sportchilari, balki butun viloyat futbol salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Alohida ta’kidlash joizki, Xo’jaobod tumani o‘zining salqin tabiati va betakror manzaralari bilan ajralib turadi. Aynan mana shunday muhitda sport kompleksining qurilishi sportchilarning jismoniy va manan tayyorgarligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
“O‘zavtosanoat” AJ tomonidan amalga oshirilgan bu tashabbus sportni qo‘llab-quvvatlashga, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga, yoshlar orasida futbolga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga qaratilgan strategik yondashuvdir.
Tadbir davomida ushbu loyiha O‘zbekiston futbolining jadal rivojlanishida muhim qadamlardan biri sifatida e’tirof etildi.