Yangiliklar
Avval xabar qilinganidek, joriy yilning 3-noyabr kuni “UzAuto Motors” AJ Chevrolet Cobalt modelining 100 ming dona hajmi sotuvga qo‘yildi. Shartnoma shartlariga muvofiq, 7 kun ichida to‘lov amalga oshirilmagan shartnomalar bekor qilindi. 20 833 dona Chevrolet Cobalt avtomobili uchun to‘lov amalga oshirildi.
Onlayn-kontraktatsiya yakunlangandan so‘ng, kompaniyaga ko‘plab mijozlardan shartnoma tuzish bo‘yicha murojaatlar kelib tushayotgani, shuningdek 3-noyabr kuni tuzilgan ko‘plab shartnomalarning aslida avtomobilga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojsiz rasmiylashtirilgani inobatga olinib, “UzAuto Motors” AJ to‘lov muddati tugagach Chevrolet Cobalt avtomobillarini rasmiy dilerlar salonlarida sotishni boshlashga qaror qildi.
Endi turli sabablarga ko‘ra onlayn tizim orqali avtomobil xarid qila olmagan mijozlar istalgan Chevrolet rasmiy dileridan Cobalt avtomobilini sotib olishlari mumkin.
Shu bilan birga, mijoz o‘zi uchun qulay dilerlik markazini tanlashi, mavjud avtomobillardan tanlab olishi, qo‘shimcha jihozlarni kafolat shartlariga ziyon yetkazmagan holda bevosita dilerlik markazida o‘rnatish imkoniyatiga ega.
Dilerlik markazlarida sotilayotgan barcha avtomobillar “UzAuto Motors” AJning yagona tizimi orqali rasmiylashtiriladi. Har bir shartnomada uning haqiqiyligini tasdiqlovchi QR-kod mavjud bo‘ladi.
2025-yil 20-noyabr holatiga ko‘ra, dilerlik tarmog‘iga 2 624 dona Chevrolet Cobalt avtomobili yetkazilgan bo‘lib, ularning 1 969 tasi sotilib, xaridorlarga topshirilgan. Bu ko‘rsatkich har kuni oshib bormoqda. Hozirda yana qariyb 6 000 dona Cobalt avtomobili dilerlik markazlariga yetkazilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, dilerlik markazlaridagi sotuvlar onlayn platforma orqali xarid qilingan avtomobillarni mijozlarga o‘z vaqtida yetkazib berish jarayoniga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi.
2025-yil 20-noyabr holatiga ko‘ra, noyabr oyida topshirilishi belgilangan avtomobillarning yarmidan ko‘pi allaqachon mijozlarga topshirilgan. 15-dekabrga qadar 2025-yil dekabr va 2026-yil yanvar oylarida yetkazilishi ko‘zda tutilgan avtomobillarni mijozlarga to‘liq topshirishni rejalashtiryapmiz. Ya’ni “UzAuto Motors” AJ onlayn xarid qilingan avtomobillarni mijozlarga yetkazib berish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini belgilangan grafikdan oldin bajarmoqda.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Chevrolet Cobalt avtomobillari sotuvi bilan bog‘liq go‘yoki korrupsiya holatlari borligi haqida xabarlar tarqaldi.
Eslatib o‘tamiz, “UzAuto Motors” AJ har qanday korrupsiyaga yoki unga sharoit yaratishga nisbatan mutlaqo murosasiz siyosatga amal qiladi. Mijozlarimizdan agar rasmiy dilerlik markazlarida avtomobil xarid qilish jarayonida noqonuniy harakatlar, tovlamachilik yoki boshqa korrupsion holatlarga duch kelsangiz, bu haqda darhol “UzAuto Motors” AJ Komplayens xizmatiga xabar berishingizni so‘raymiz.
Mazkur xabar bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, muallif hech qanday faktik dalil taqdim eta olmadi. Shu bilan birga, asossiz ma’lumotlar esa “UzAuto Motors” AJ hamda Chevrolet rasmiy dilerlarining obro‘siga putur yetkazadi. Shu sababli, har qanday tekshirilmagan, hech qanday asosga ega bo‘lmagan mish-mish va farazlarni tarqatmaslikni qat’iy so‘raymiz.
“UzAuto Motors” AJ har mijozlarimiz huquqlarini buzayotgan barcha murojaatlarni koʻrib chiqish va konstruktiv muloqotga doimo tayyor.