Yangiliklar

Bo Inge Andersson – talabalar uchun ma’ruza qildi
2023-11-01 00:03:03 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

Talabalar kutgan ma’ruza

Avval xabar berilganidek, UzAuto Motors kompaniyasi kadrlar salohiyatini oshirish yo‘lida bir nechta oliy ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda.  Kuni kecha, Toshkent shahridagi Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti (TXVU) hamda Turin Politexnika universitetlarida “Business Week” tashkil etilgan haftalik doirasida “Uzavtosanoat” AJ mas’ul vakillari va “UzAuto Motors” AJ Bosh direktori Bo Inge Andersson o‘z jamoasi bilan ishtirok etdi.

 

Talabalar bilan uchrashuv davomida Bo Andersson o‘z professional martaba yo‘li, kompaniyadagi boshqaruv uslubi, amalga oshirgan loyihalar, shuningdek xodimlar uchun taqdim etilgan kasbiy rivojlanish imkoniyatlari va boshqa ko‘p ma’lumotlar to‘g‘risida taqdimot o‘tkazdi. Ma’ruza asosida tayyorlangan taqdimot materialida avtomobilsozlik sanoati to‘g‘risidagi dolzarb fikrlar, ustuvor yo‘nalishlar, tahlillar, uning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati to‘g‘risida tasavvur doirasini kengaytirishga qaratilgan amaliy taklif va tavsiyalarning mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, kompaniyada xodimlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va qulayliklar to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tildi. Ko‘plab talabalar kompaniya faoliyatiga qiziqish bildirib, sarmoyaviy imkoniyatlarga oid ko‘plab savollar berishdi.

 

Uchrashuv so‘nggida ishtirokchilar UzAuto Motors korxonasi faoliyati to‘g‘risida batafsil tasavvurga ega bo‘lishdi, kompaniya bosh direktori shaxsan Bo Andersson o‘zi faol qatnashgan talabalarni e’tirof etgan holda, ularga esdalik sovg‘alarini topshirdi.


Shu bilan birga, Toshkent shahridagi universitetlarda o’tkazilgan taqdimotlarga parallel ravishda “UzAuto Akademiyasi” boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Uraimov boshchiligidagi ishchi guruh Andijon shahridagi Andijon Mashinasozlik instituti hamda Farg’onadagi Farg’ona Politexnika instituti talabalari bilan biznes uchrashuvlar o’tkazdi.