Yangiliklar

“O‘zavtosanoat” AJ tizim korxonalari HR rahbarlari ishtirokida “Team building” o‘tkazdi
2023-11-26 01:22:11 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

Andijonda joylashgan Xonabod dam olish maskanida o‘tkazilgan mazkur tadbirda jamoaviy ruhni mustahkamlash, muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish, yangi g‘oyalarni yaratish va muammoni birgalikda hal etish ko‘nikmalarini takomillashtirish yuzasidan turli amaliy tadbirlar o‘tkazildi.

 

 

 

Dastlab, “UzAuto Motors” AJ ijrochi direktori o‘rinbosari Anvarjon Xasanov xodimlar boshqaruvi sohasida amalga oshirilgan ishlar haqida so‘zlab, kelgusidagi rejalar bilan o‘rtoqlashdi.

Trening davomida ishtirokchilarga jamoada yetakchilarni aniqlash, turli lavozimdagi xodimlar o‘rtasida ijobiy munosabatlarni o‘rnatish, xodimlarni boshqarishning zamonaviy usullari, yangicha yondashuvlar, jamoaviy ruhni kuchaytirish va motivatsiya masalalari bo‘yicha tushunchalar berildi.

“Team building”da xalqaro toifadagi mutaxassis, “NR consulting” kompaniyasi direktori Nasiba Rozmetova tomonidan xodimlarni nostandart ijodiy fikrlashga undaydigan, hamkasblar o‘rtasida o‘zaro ishonch va hurmat hissini shakllantiruvchi motivatsion treninglar o‘tkazildi.

 

 

Mazkur uchrashuv tabiat qo‘ynida, tog‘li hududda, musaffo havoda norasmiy sharoitda hamkasblar bilan tajriba almashish, ko‘plab yangi g‘oyalar va munozarali holatlarga yechim topish uchun ajoyib imkoniyatga aylandi.

Shuningdek, “Team building” doirasida “Yashil makon” ummummilliy loyihasini qoʻllab-quvvatlagan holda, qatnashchilar tomonidan Xonabod sihatgohi hududida keng qamrovli ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Unga ko‘ra, 60 tup manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazildi.

 

 

Korporativ madaniyatni shakllantirishga qaratilgan turli treninglarni o‘z ichiga olgan mazkur “Team building” nafaqat sanoat tizim korxonalari HR boshqaruvi rahbarlarining o‘zaro munosabatlarni yaxshilashga, balki jamoaviy ruh va birdamlik kayfiyatini shakllantirishga imkon beradi. Trening davomida hamkasblar turli jamoaviy mashqlar orqali yaxshi kayfiyat olish bilan birga, kompaniyaning strategik maqsad va vazifalariga erishishga qaratilgan taqdimotlar bilan tanishdilar, shuningdek yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini tadbiq etish bo‘yicha fikr almashdilar – deydi “UzAuto Motors” AJ Xodimlar boshqaruvi bo‘yicha direktori Isroiljon Alimov.

 

“Team building”dan xodimlar juda ham ko‘tarinki kayfiyatda qaytdilar va ushbu mazmunli hamda foydali “Team building” uchun “O‘zavtosanoat” AJ rahbariyati, tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi. “UzAuto Motors” AJ ham o‘z mijozlarini, ham o‘z xodimlarini birdek qadrlaydi, shu bois ular uchun har tomonlama qulay va maqbul sharoitlarni yaratish maqsadida bunday tadbirlarni davomli o‘tkazilishini ta’minlab boradi.