Yangiliklar

Bu Andersson “Uzauto Motors” va “Uzauto Motors Powertrain” bosh direktori etib tayinlandi
2021-08-24 03:00:14 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

“O‘zavtosanoat” AJ Bu Anderssonni o‘zining eng yirik korxonalari – “UzAuto Motors” AJ va “UzAuto Motors Powertrain” AJ larning bosh direktori etib tayinladi.

Shvetsiya Harbiy Akademiyasining hamda Garvard universitetining oliy menejment programmasi bitiruvchisi, Stokgolm universitetining biznes boshqaruvi bakalavri bo‘lmish Bu Andersson avtomobilsozlik sohasidagi eng ilg‘or top-menejer bo‘lib, sohada o‘z faoliyatini 1987-yildan Shvetsiyaning «Saab Automobile AB» kompaniyasida boshlaydi.

1993-yildan 2009-yilgacha xarid yo‘nalishida turli rahbar lavozimlarni egallagan hamda 2001-2009 yillarda “General Motors”ning global xarid bo‘linmasiga rahbarlik qilgan.

2009-yildan 2013-yilgacha “Gruppa GAZ” korxonasiga prezident etib tayinlanadi. Bu davrda Andersson “GAZ Group” biznesini zarardan barqaror foydaga olib chiqishga erishadi.

2014-yildan 2016-yilgacha “AvtoVaz” AJ prezidenti etib tayinlanadi. “GAZ Group”da bo‘lgani kabi, Andersson “AvtoVaz”da ham to‘liq transformatsiyani amalga oshirdi.

“AvtoVaz”ni tark etgach, Andersson eng yirik avtomobil butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan “Yazaki Europe, Africa, North & South America” korporatsiyasiga 4 yil rahbarlik qiladi.

Adam Smit xalqaro avtomobil forumida Bu Andersson Rossiya avtomobilsozlik sanoatida “2010 yilning eng yaxshi yetakchisi” deb topiladi. 2011-yilda Andersson Yevropa avtomobilsozlik sanoatining eng muvaffaqiyatli rahbarlarini aniqlash uchun “Automotive News Europe” tomonidan har yili o‘tkaziladigan “Eurostars” mukofotida “Rivojlanayotgan bozorlar bo‘yicha Yevropa avtomobil sanoatining eng yaxshi yetakchisi” deb topiladi.

2012-yilda Bu Andersson Yevropaning avtomobilsozlik sohasidagi yetakchi nashriyoti “Automotive Supply Chain”dan “GAZ Group”ni inqirozdan keyin moliyaviy holatini tiklagani va Rossiyaning yengil tijoriy vositalar bozorida kompaniyaning yetakchiligini ta’minlagani uchun “Eng yaxshi yutuqlar” mukofotiga sazovor bo‘ladi.

Bu Inge Andersson MDH mamlakatlaridagi avtomobil konsernlarini boshqarish va inqirozlar davrida erishgan muvaffaqiyatlari va katta tajribasi “UzAuto Motors” va “Uzauto Motors Powertrain” kompaniyalariga yarimo‘tkazgichlar tanqisligi va logistika muammolari bilan bog‘lik global inqirozlarini eng kam yo‘qotish bilan yengishga, hamda ishlab chiqarishni rivojlantirish va modernizatsiyalashning yangi yo‘nalishini egallashga imkon beradi.

“UzAuto Motors” va “Uzauto Motors Powertrain”AJ O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoatidagi davlatga qarashli "O‘zavtosanoat" AJning yirik sho‘ba korxonalari bo‘lib, “General Motors” bilan texnik litsenziya shartnomasi asosida “Chevrolet” yengil avtomobillarini ishlab chiqaradi.

2018-yildan boshlab “UzAuto Motor” yirik trasformatsiya jarayonini boshdan kechirib, zarardan barqaror foyda keltiradigan biznesga aylandi. 2020-yildagi pandemiyaga qaramasdan, “UzAuto Motor” o‘z ishlab chiqarishini 281 ming dona avtomobilga o‘stirishga erishdi.

2020-yildan buyon “Uzavtosanoat” AJ “Boston Consulting Group” bilan hamkorlikda o‘zining uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqib, 2021-yil aprelida qo‘shma Trasformatsiya Ofisini tashkil etgan.