Yangiliklar
Bugun, 31-may kuni UzAuto Motors aksiyadorlarining birinchi umumiy yig’ilishi bo’lib o’tdi. Yig‘ilishning asosiy masalasi aksiyadorlarga to‘lanadigan dividendlar miqdori, shuningdek uni to‘lash shakli va tartibini belgilashdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda emitent tomondan “Uzavtosanoat” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Azizbek Shukurov, “UzAuto Motors” AJ bosh direktori Bo Inge Andersson, UzAuto Motors AJ Iqtisodiyot va moliya bo‘yicha boshqaruvchi direktor Kamoliddin Umurzakov hamda UzAuto Motors “Korporativ va mulkiy munosabatlar” bo‘yicha direktori Farruhbek Abdusalomov ishtirok etishdi. Aksiyadorlar umumiy yig’ilishining kvorumi 99,81 foizni tashkil etdi.
Yig’ilish dividend to’lovlari miqdori va boshqa bir qator tashkiliy masalalarni ovoz berish yo’li bilan muhokama qilish va tasdiqlash maydoniga aylanib, kompaniya va uning aksiyadorlari o‘rtasida shaffoflik va ishonchni mustahkamlashga xizmat qildi.
Kun tartibida kompaniyaning 2022 yil uchun taqsimlanmagan foydasining 42,5 foizini aksiyadorlar o‘rtasida taqsimlash belgilandi, ya'ni kompaniya aksiyalari 3 oy davomida aksiyadorlarga deyarli 5 foiz, yillik hisobda esa 17 foizdan ko'proq foyda keltirdi.
Yillik ishlab chiqarish hamda eksport hajmining o‘sishi, shuningdek, eksport bozorlarida ishlab chiqarish quvvatlarining kengayishi natijasida foydaning ortishi hisobga olinsa, UzAuto Motors kompaniyasi aksiyalar rentabelligining keyingi ijobiy dinamikasiga umid qiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-yanvardagi PQ-90-son qaroriga ko’ra 2022-yil 1-apreldan 2024-yil 31-dekabrga qadar barcha jismoniy shaxslarning aksiyalar bo‘yicha hisoblangan dividendlar tarzidagi daromadlari daromad solig‘idan ozod qilingan. O‘zbekiston Respublikasining norezidenti bo‘lgan yuridik shaxslarning aksiyalar bo‘yicha hisoblangan dividendlar tarzidagi daromadlariga O‘zbekiston Respublikasining rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslar singari foyda solig‘ining 5 foiz stavkasi tatbiq etildi.
2022-yil 17-fevralda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan 2022–2026-yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasiga muvofiq, UzAuto Motors aksiyalari Toshkent fond birjasiga joylashtirildi. “UzAuto Motors” AJ aksiyalarining ilk ommaviy joylashtirilishi respublikamizda amalga oshirilayotgan xususiylashtirish va kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha yirik davlat korxonalari o’rtasidagi dastlabki qadam hisoblanadi. Ta’kidlash joiz, “UzAuto Motors” AJ “IPO”si koronavirus pandemiyasi va global iqtisodiy inqirozdan so‘ng mahalliy fond bozorida amalga oshirilayotgan ilk “IPO” hisoblanadi.