Yangiliklar
Bugun, 4-iyul kuni "O'zavtosanoat" AJ tarkibiga kiruvchi "UzAuto Motors Powertarin" zavodida O'zbekiston avtomobilsozlik sanoatida muhim voqelik - Chevrolet Tracker va Chevrolet Onix avtomobillarini ishlab chiqarishda foydalaniluvchi CSS-Prime yangi avlod dvigatellarining “Machining head” va “Silindr bloklari” liniyalarini tantanali tarzda ishga tushirildi. Mazkur liniyaning ishga tushirilishi korxona rivojining yangi bosqichga ko'tarilishi hamda "Power To Drive" shiori ostida faoliyat yuritishiga turtki bo'ldi.
Eslatib o'tish joizki, ushbu avlod dvigatellarini yig'ish "UzAuto Motors Powertrain" zavodida 2022-yilning dekabr oyidan boshlangan. Bugundan boshlab korxonada ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi oshiriladi, ya'ni zavodga keltiriluvchi ishlanmagan detallar (xomashyo)lar yuqori aniqlikda ishlovchi eng ilg'or texnologiyalardan foydalangan holda qayta ishlanadi.
Mexanik qayta ishlash liniyasining ishga tushirilishi CSS-Prime dvigatellarining mahalliylashtirish darajasini oshirilishiga, shuningdek, komponentlarni to'g'ridan-to'g'ri yig'uv liniyasiga yetkazib berish orqali sifatning ham ortishiga sabab bo'ladi. Kelgusida dvigatellarning mahalliylashtirish darajasini yanada oshirish maqsadida “silindr bloki” va “machining head”larni yuqori bosimda ishlab chiqaruvchi quyuv sexini ishga tushirish rejalashtirilgan. Eslatib o'tamiz, o'tgan yilning dekabr oyida CSS-Prime dvigatellarini ishlab chiqarish liniyasi ishga tushirilgach, zavodning yillik ishlab chiqarish quvvati 415 000 donaga yetkazildi.
"MDH davlatlarida analogi bo'lmagan yuqori aniqlikdagi va yuqori sifatli ishlab chiqarishni yo'lga qo'yishda qo'shgan hissangiz uchun barchangizga ulkan minnatdorchilik bildiraman. Yangi avlod CSS-Prime dvvigatellari liniyasining mahalliylashuvi har qanday sharoitda avtomobilning ishonchli ishlashini ta'minlash imkonini beradi. Bundan tashqari ushbu dvigatellar Evro-6 standartiga mos keluvchi yuqori ekologik tozalikka ega bo'lib, bu mahsulotning ichki va tashqi bozordagi istiqbolini yana kengaytiradi", - deya ta'kidladi "UzAuto Motors Powertrain" zavodining Bosh direktori Bo Andersson.
"UzAuto Motors Powertrain" zavodi nafaqat O'zbekiston hududida, balki xorijiy davlatlarga ham iste'molchilar talablariga javob beradigan sifatli dvigatellarni ishlab chiqarishga intilmoqda. Mazkur dvigatellarni yig'ish to'liq zavod hududida amalga oshirilmoqda, buning natijasida Chevrolet Onix va Tracker avtomobillarining mahalliylashtirish darajasi bir pog'ona yuqoriga ko'tarildi.
Dvigatellarni mahalliylashtirishning navbatdagi bosqichi noldan qurilgan yangi quyuv sexining ishga tushirilishi bo'lib, bu yerda CSS-Prime dvigatellari uchun qoliplar ishlab chiqarilishi yo`lga qo'yiladi.