Yangiliklar

“UzAuto Motors” AJ Bosh direktorining kompaniya jamoasi va keng jamoatchilikka MUROJAATI
2024-12-18 18:19:47 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

Bugungi globallashuv sharoitida har qanday kompaniya muvaffaqiyatining asosi – ochiqlik, shaffoflik, insofli raqobat, qonuniylik, iste’molchilar huquqlari ustuvorligi va albatta ishonchli boshqaruv hisoblanadi. Aynan shu tamoyillar yirik sanoat korxonalarining uzoq muddatli barqarorligini ta’minlab, ularni mijozlar va hamkorlar nazarida ishonchli va jozibador qiladi. “UzAuto Motors” AJ aynan shu yo‘ldan borib, korrupsiyaga qarshi kurashish shuningdek, ustun mavqeini suiste’mol qilishga yo‘l qo‘ymaslik o‘zining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylantirgan.

Kompaniya faoliyatida ushbu jarayonlarni nazorat qilishni yanada kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan ikki asosiy bo‘g‘inlariga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Bular - Komplayens xizmatining Korrupsiyaga qarshi kurashish va Monopoliyaga qarshi komplayens yo‘nalishlaridir.

Bilamizki, katta iqtisodiy yo‘qotishlar, ishonchsizlik va boshqaruv tizimidagi zaifliklar tufayli yuzaga keladi. Shu sababli “UzAuto Motors” AJda ushbu ikki yo‘nalishga alohida e’bor berilib, bir qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, “Poraxo‘rlik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha siyosat” kompaniya xodimlari uchun yuksak axloqiy me’yorlar va standartlarni joriy qiladi. Ushbu siyosatning asosiy maqsadi – korrupsiyaga qarshi kurashish madaniyatini shakllantirish, shaffoflikni ta’minlash va har qanday noqonuniy harakatlarning oldini olishdir.

Shuningdek, kompaniya faoliyatida raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarining buzilish darajasi bo‘yicha “Xavflar tasnifi” belgilab olindi. Bu esa, kompaniyaga o‘zining ustun mavqeni suiste’mol qilishini va iste’molchilar huquqlarining buzilishiga yo‘l qo‘yilishini oldini olishga xizmat qiladi.

Tahliliy nuqtai nazardan qaraganda, kompaniyada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ta’minot va xarid, sotuv va sotuvdan keyingi jarayonlarini qat’iy nazorat qilish, qaror qabul qilishning shaffofligini ta’minlash, korrupsiyaviy holatlar va raqobat qonunchiligi buzilishi, manfaatlar to‘qnashuvi va iste’molchilar huquqlari kamsitilishiga yo‘l qo‘yilganligi haqida anonim xabar berish tizimlarini joriy etish hamda xodimlarga mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam treninglar o‘tkazishni o‘z ichiga oladi.

Ushbu yo‘nalishlar kompaniyaning ichki barqarorligi va tashqi obro‘sini ta’minlash bilan birga, mijozlarning ishonchini mustahkamlaydi. “UzAuto Motors” AJ bu borada yetakchi tajribani namoyish etmoqda. Kompaniyaning barcha jarayonlaridagi shaffoflik – korxona muvaffaqiyatining asosiy mezonlaridan biriga aylangan.

“UzAuto Motors” AJ nafaqat mijozlari, balki keng jamoatchilik oldida ham ochiqlik va halollik tamoyillariga sodiqdir. Korrupsiyaga qarshi kurash – bu bir martalik emas, balki doimiy davom etadigan jarayon. Shu bois kompaniya kelgusida ham o‘z tizimlarini takomillashtirib, barcha xodimlarni adolatli va qonuniy faoliyat yuritishga chorlaydi.