Yangiliklar
Bugungi qahramonimiz Azamov Shavkatjon Begjonovich ishlab chiqarishdagi 26 yillik ish tajribasidan boshlab ishlab chiqarish uskunalarining samarali ishlashi bilan bog’liq texnik muammolarni qanday hal qilish, ularni shay holatda saqlash, texnik ko’rikdan o’tkazish, jarayonlarni optimallashtirish, xavfsizlik qoidalariga rioya qilish, shuningdek texnologiya va texnik xizmat ko’rsatish direksiyasida erishgan yutuqlari va muvaffaqqiyat yo’li haqida so’zlab beradi.
U o’z faoliyati 1997 yilda muhandis texnolog bo’lib boshlagan. Hozirgi kunda texnologiya va texnik xizmat ko’rsatish direksiyasi direktor o’rinbosari lavozimini ishlab kelmoqda. 26 yillik ish tajribasi bilan o’z ishining yuqori malakali mutaxassisiga aylanib, professional yo’lni bosib o’tdi. Avtozavodda ishlab chiqarilayotgan avtomobil opsiyalarini bozor talablariga mos ravishda yangilab borish, shuningdek yangi opsiyadagi avtomobillarni ishlab chiqarish liniyalariga joylash va sifatli ishlab chiqarilishini ta’minlashda o’z jamoadoshlari bilan jonbozlik ko’rsatib kelmoqda.
Shavkatjon Begjonovich bugungi kunda ishchanligi, professionalligi ishga mas’uliyat bilan yondashishi natijasida hamkasblari orasida munosib obro’-e’tiborga sazovor, navqiron yosh kadrlar uchun namuna bo’lib, mehnat jamoasi va zavod rahbarlari o’rtasida hurmat qozongan. Mahsulot sifatini yaxshilash, avtomobillarni yig’ishda yangi texnologiyalarni joriy qilish bo’yicha 25 dan ortiq ratsionalizatorlik takliflarini kiritgan. O’zining tirishqoqligi va talabchanligi bois yuqorida aytib o’tilgan loyihalarni amalga oshirilishini ta’minlamoqda.
Qahramonimiz yarim tayyor avtomobillarni yangi eksport bozorlari uchun loyihalarini tayyorlashda o’z bo’linmasi bilan birgalikda bir qancha ishlarni bajarishlarini gapirib beradi: “Bo’linmadagilar bilan yarim tayyor avtomobillar kuzovlari hamda dvigatellarini eksport qilish uchun kuzov karkasi va dvigatel taralarini loyihalash ustida ishlaymiz” deb tajribalarini o’rtoqlashdi. Har qanday muvaffaqqiyat mahorat va qobiliyat bilan chambarchas bog’liqligini ta’kidlaydi.
Shavkatjon Begjonovich bundan buyon ham korxona ravnaqi, undagi har bir xodim baxti uchun kuchi boricha mehnat qilishini faxr bilan bildiradi.
O’z mehnati bilan yurt avtomobilsozlik sanoati ravnaqiga hissa qo’shishdek savobli ishning boshini tutgan qahramonimizning hali orzu-niyatlari, rejalari talaygina. Bu yo’lda tinim bilmay odimlaydi. Korxona rivoji yo’lida o’z hissasini qo’shishda davom etaveradi.