Yangiliklar
Bundan bir necha kun avval, “UzAuto Motors” AJ avtomobilarning kafolat xizmatlarini kengaytirayotganligi, Chevrolet Onix va Tracker avtomobillariga faqat rasmiy dilerlarda gazballon asbob-uskunalari, radar detektorlari, videoregistratorlar, signallar va boshqa aksessuarlar o‘rnatilganda ishlab chiqaruvchining kafolati saqlanishi to‘g‘risida xabar bergan edik.
1-avgust kuni UzAuto Motors kompaniyasida diler tashkilotlari mustaqil rivojlanishi va mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida Chevrolet rasmiy dilerlik markazlari rahbarlari, xizmat ko‘rsatish shahobchasi mutaxassislari va kafolat muhandislari uchun onlayn seminar bo‘lib o‘tdi.
Zoom platformasi orqali tashkil etilgan ushbu seminarda dilerliklarda Chevrolet Onix va Tracker avtomobillariga gaz ballon uskunasini o‘rnatish uchastkasini tashkil etishda ko‘maklashish masalalari muhokama qilindi.
Seminar “UzAuto Motors” AJ Sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatish direksiyasi mutaxassislari tomonidan “Avtomarkaz Gaz” MChJ diler korxonasi va O‘zbekiston akkreditatsiya markazi bilan hamkorlikda tashkillashtirildi.
Seminar davomida qatnashchilarga avtomobillarga gaz ballon uskunasini to‘g‘ri va xavfsiz tarzda o‘rnatish to‘g‘risida batafsil tushuntirishlar berildi. Shuningdek, jarayon davomida e’tibor berilishi kerak bo‘lgan texnik talablar va xavfsizlik qoidalari bo‘yicha ma’lumotlar bilan tanishtirildi.
Chevrolet rasmiy dilerlik markazlarining gaz ballon uskunasini o‘rnatish va xizmat ko‘rsatish jarayonidagi roli va mas’uliyatlari muhokama qilindi. Gaz ballon uskunasini o‘rnatishdan keyingi xizmat ko‘rsatish va kafolat shartlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Xususan, O‘zbekiston akkreditatsiya markazi texnik eksperti gaz ballon uskunasini o‘rnatishda muhim xavfsizlik choralari haqida tanishtirdi. Shu bilan birga, gaz ballon uskunasini o‘rnatish uchun maxsus uchastkalarni tashkil etishda zarur bo‘lgan inshootlar va jihozlar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
“Ushbu seminar mijozlar uchun qulaylik yaratish maqsadida Chevrolet rasmiy dilerlik markazlarida gaz ballon uskunasini o‘rnatish va xizmat ko‘rsatish jarayonidagi mutaxassislarning malakasini oshirishga qaratildi. Bu o‘z navbatida, xizmat ko‘rsatish sifatining oshishiga hissa qo‘shadi. Kompaniya kelgusida dilerlik markazlarining mustaqil rivojlanishini qo‘llab-quvvatlagan holda mutaxassislarning malakasini oshirish bo‘yicha turli tadbirlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Shu jumladan, gaz ballon uskunasini o‘rnatish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar, yangi texnologiyalar va innovatsiyalar haqida seminarlar o‘tkazish rejalashtirilmoqda”, – deydi UzAuto Motors Sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatish direksiyasi direktori Nodira Xojimatova.
Seminar natijasida Chevrolet Onix va Tracker avtomobillariga gaz ballon uskunasini o‘rnatish uchun yangi uchastkalar tashkil etilishi rejalashtirildi. UzAuto Motors tomonidan bunday seminarlarning o‘tkazilishi dilerlar bilan yaqin hamkorlikni yanada mustahkamlash va umumiy faoliyat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.