Yangiliklar

Chevrolet dilerlari bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi
03/04/2026 14:16 433 Yangiliklar
Chevrolet dilerlari bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Toshkentda “O‘zavtosanoat” AJ hamda “UzAuto Motors” AJ hamkorligida Chevrolet dilerlari bilan davra suhbati tashkil etildi.

Tadbir doirasida 2025-yil yakunlari sarhisob qilinib, savdo hajmining o‘sishi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash instrumentlarining kengaytirilishi va sotuv shartlarining takomillashtirilishi hisobiga ta’minlangani qayd etildi. Sotuvdan keyingi xizmatlarni rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Shuningdek, 2026-yil uchun asosiy vazifalar va kompaniya tashkiliy tuzilmasidagi o‘zgarishlar yuzasidan ma’lumot berildi.

Alohida e’tibor dilerlar iqtisodiy samaradorligini qo‘shimcha mexanizmlar orqali ta’minlash masalalariga qaratildi. Yangi modellar va kompaniyaning strategik rivojlanish yo‘nalishlari bo‘yicha ham ma’lumot taqdim etildi.

Uchrashuv yakunida 2025-yil natijalariga ko‘ra eng yaxshi dilerlar avtomobillar savdosi, sotuvdan keyingi xizmatlar va ehtiyot qismlar realizatsiyasi yo‘nalishlarida taqdirlandi.