Yangiliklar

Rasmiy axborot
2025-07-28 13:35:22 Yangiliklar
Rasmiy axborot

Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Chevrolet avtomobillarini tijorat banklari orqali xarid qilishda qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani haqida ma’lumotlar tarqaldi. Shu munosabat bilan “UzAuto Motors” AJ quyidagilarni ma’lum qilishni zarur deb hisoblaydi:

2025-yil 21-iyuldan boshlab, mijozlar xohishlarini inobatga olgan holda, kompaniya Chevrolet Onix, Tracker va Damas modellari uchun tijorat banklari orqali xarid qilishning yangi shartlarini taklif qildi. Yangilangan mexanizm avvalroq sinovdan o‘tkazilgan bo‘lib, xaridorlar tomonidan katta qiziqish uyg‘otganligi sababli bu tizimni yanada rivojlantirish, jarayonni esa qulayroq qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Yangi mexanizmga ko‘ra, mijozlar avtomobillarni xarid qilishda 20 % dan boshlab (ilgari amal qilgan 50 % o‘rniga) pasaytirilgan boshlang‘ich to‘lov, bo‘lib to‘lash shartida yillik 0 % dan boshlanadigan foiz stavkasi shuningdek, soddalashtirilgan va tezlashtirilgan rasmiylashtirish jarayonidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bugungi kunda jarayonlar hamkor tijorat banklar – Kapitalbank, Tenge Bank va Asakabank orqali amalga oshirilmoqda (kelgusida ularning soni oshiriladi), rasmiylashtirish esa oz sonli xodimlar bilan cheklanmagan.

Bugungi kunda “UzAuto Motors” AJning ustuvor vazifasi mijozlarga noqulaylik yaratish emas, aksincha, avtomobil xaridi uchun qulay va shaffof shartlar taqdim etishdir.

Shartlar, komplektatsiyalar va hamkor banklar haqida batafsil ma’lumotni uzautomotors.com va chevrolet.uz rasmiy saytlarida, shuningdek “UzAuto Motors” AJ  ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda tijorat banklarining filiallarida olishingiz mumkin. 

Fursatdan foydalanib, “UzAuto Motors” AJ ijtimoiy tarmoq guruhlari va Telegram-kanallari administratorlaridan noto‘g‘ri  ma’lumotlarni tarqatmaslikni, savollar bo‘lsa, kompaniya matbuot xizmati yoki Call-markazi (78) 141-77-77 raqamiga murojaat qilishlarini so‘raydi.