Yangiliklar

Chevrolet Onix kontraktatsiya boshlangan bir necha soatlarda rekord o’rnatdi
2022-11-02 02:50:04 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

Bugun ertalab soat 9:00 dan boshlab Chevrolet Onix avtomobilini sotib olish puchun shartnoma tuzish boshlandi va soat 13:45 holatiga ko'ra, 13566 dan ortiq shartnomalar imzolandi. Jami tuzilgan  shartnomalarning 55 foizi Onix’ning LTZ Turbo AT komplektatsiya uchun tuzilgan bo’lib, xaridorlar orasida ommabop bo’ldi.

Shuningdek, doimgidek bir shaxs nomiga  ikki va undan ortiq avtomobil xarid  qiladiganlarning yuqori ulushi kuzatilmoqda: 7 380 nafar xaridor, bu xaridorlar sonining 45% dan ortig’ini tashkil etadi.

Qayd etish joizki, “tadbirkorlar”ning oson daromad topishga bo’lgan yuqori qiziqishi, eng avvalo, o’z ehtiyojlari uchun avtomobil sotib olmoqchi bo’lgan iste’molchilar uchun noqulayliklarni yuzaga keltirib, ortiqcha talabni shakllantiradi.

Shuningdek, UzAuto Motors “Biznesmenlar”ning emas, aksincha aholi ehtiyojlarini qondirish uchun prioritetlar tizimini joriy qildi. Unga ko'ra, avtomobillar qayta sotish uchun emas, balki shaxsiy ehtiyoji uchun avtomobil sotib olayotgan mijozlarga avtomobillarni yetkazib berishni birinchi o’ringa qo’yadi.

Avtomobillarni qayta sotish ehtimoli bilan tuzilgan shartnomalar aniqlangan taqdirda, kompaniya shartnoma shartlariga muvofiq (3.1.2 bandga muvofiq) avtomobilni yetkazib berish muddatini qo‘shimcha 120 kunga oshiradi. Shu munosabat bilan, xaridorlardan shartnomani imzolashdan oldin uning barcha bandlari bilan to’liq tanishib chiqishlarini iltimos qilamiz.

Ushbu chora-tadbirlar avtomobillarni xaridorlarga yetkazib berish muddatini qisqartirish, aholi o‘rtasidagi talabni qondirish imkonini beradi.

E’tibor bering, shartnomalarning ko’p tuzilganligiga qaramay, amaliyot shuni ko’rsatadiki, 60 foizgacha tuzilgan shartnomalarning to’lovlari vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli bekor qilinadi. Natijada, 7 kundan so'ng, to'langan shartnomalar soni sezilarli darajada kamayib, Chevrolet Onix yetkazib berish muddati qisqarishi kutilmoqda.