Yangiliklar

CHEVROLET TRACKER VA ONIX: ISTE'MOLCHILAR EHTIYOJLARINI JAMLASH
2021-04-14 10:02:29 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

“UzAuto Motors” AJ iste’molchilar ehtiyojlarini aniqlash va ichki bozordagi talabni o’rganish maqsadida - Chevrolet Onix va Tracker avtomobillari bo’yicha «Car Clinic» tadqiqot loyihasini o’tkazdi. Turli soha vakillari va blogerlar ishtirokidagi tadbir Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida bo’lib o’tdi. 

Loyiha doirasida yurtimizda ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan ushbu avtomobillar tadbir qatnashchilari tomonidan ko'zdan kechirish bilan birga “Test drive” ham o’tkazildi, hamda sinovdan o’tayotgan modellardan iste’molchilarning ko’ngillari to’lgani yoki kamchiliklari borasida: avtomobil dizayni, qulayligi va boshqa ko’plab jihatlarini o’rganishga qaratilgan maxsus so’rovnoma o'tkazildi. 

Ishtirokchilardan olingan so’rovnomalar natijasi O’zbekistonda seriyali ishlab chiqarilishi kutilayotgan avtomobillarga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritilishiga asos bo’ladi. 

Eslatib o’tamiz, ko'plab avtomobil ishqibozlarining ko'nglidan joy olib ulgurgan, yangilangan Chevrolet Tracker joriy yil boshidan O’zbekiston ichki bozorida sotuvi e'lon qilingan edi. Ilk sotuv kunining o’zidayoq avtomobillarning birinchi partiyasi to’liq sotildi. Ushbu avtomobillarning ishlab chiqarilishi Asaka shahridagi “UzAuto Motors” kompaniyasining zavodida yo'lga qo'yilishi rejalashtirilgan. 

Ma’lumot uchun:

«Car Clinic» - bu turli xil maqsadli segmentlar o'rtasida yangi yoki mavjud avtomobil modellarini o'rganishga va ularni raqobatdosh brendlar bilan taqqoslashga mo'ljallangan marketing tadqiqot usulidir.