Yangiliklar

“Fitch Ratings” agentligi “UzAuto Motors” AJning kredit reytingini “BB” darajasiga oshirdi
14/07/2026 08:20 47 Yangiliklar
“Fitch Ratings” agentligi “UzAuto Motors” AJning kredit reytingini “BB” darajasiga oshirdi

“Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi “UzAuto Motors” AJning uzoq muddatli reytingini “BB-” darajasidan “BB” darajasiga oshirdi hamda reyting bo‘yicha “Barqaror” prognozini tasdiqladi.

Reytingning oshirilishi kompaniyaning mustahkam moliyaviy ko‘rsatkichlari, qarz yuklamasining maqbul darajada saqlanayotgani, likvidlik pozitsiyasining yaxshilangani hamda yevroobligatsiyalarni muvaffaqiyatli qayta moliyalashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida mustaqil kredit profili (Standalone Credit Profile) mustahkamlangani bilan izohlandi.

Mazkur qaror natijasida “UzAuto Motors” AJning kredit reytingi O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingi bilan bir xil darajaga — “BB” darajasiga yetdi. Bu esa kompaniyaning moliyaviy barqarorligi, investitsion jozibadorligi hamda xalqaro moliya bozorlaridagi ishonchliligi yuqori baholanayotganidan dalolat beradi.

“Fitch Ratings” agentligi kompaniya tomonidan yuritilayotgan ehtiyotkor va barqaror moliyaviy siyosat kelgusida ham saqlanib qolishini, shuningdek, “UzAuto Motors” AJ mamlakat avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish va iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shishda davom etishini ta’kidlagan.

Bugungi kunda “UzAuto Motors” AJ O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoatining yetakchi korxonalaridan biri sifatida faoliyat yuritib, xalqaro moliya institutlari va investorlar tomonidan bildirilayotgan yuqori ishonch asosida o‘z mavqeini izchil mustahkamlab bormoqda.