Yangiliklar
Xalqaro avtomobilsozlik sanoatining yetuk mutaxassisi hisoblangan Bo Andersson soʻnggi uch yil davomida egallab turgan “UzAuto Motors” AJ va “UzAuto Motors Powertrain” AJ bosh direktori lavozimidagi faoliyatini yakunlamoqda.
Ushbu munosabat bilan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbirda janob Anderssonning Oʻzbekiston avtomobilsozlik sanoati rivojiga qoʻshgan hissalari va koʻrsatgan xizmatlari qayd etib oʻtildi.
Taʼkidlanganidek, janob Andersson rahbarligida ishlab chiqarish koʻrsatkichlari sezilarli darajada oshirildi. Shuningdek, “UzAuto Motors” AJ ning Andijon va Xorazm viloyatlaridagi korxonalarida yengil avtomobillar ishlab chiqarish miqdorining oʻsishi kuzatildi, mahsulot sifati yaxshilandi va avtomobil modellari roʻyxati kengaytirildi.
2023-yil korxona faoliyatidagi eng ahamiyatli yillardan biri boʻldi: konveyerdan 395 400 dona avtomobil ishlab chiqarildi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilga qaraganda 20 foizga koʻproqdir. Joriy yilda ham korxonaning ishlab chiqarish koʻrsatkichlari oʻtgan yildan kam boʻlmaydi.
Korxona jamoasining fidokorona mehnati tufayli soʻnggi uch yil ichida Yangi Oʻzbekiston avtomobilsozlik sanoati yengil avtomobillar ishlab chiqarish boʻyicha MDH va Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchilikka erishdi, Chevrolet brendi bozor hajmi boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrinni egalladi.
Oʻtgan yillar davomida erishilgan eng muhim yutuqlardan biri ikkita yangi mashhur modellar – Chevrolet Tracker (krossover) va Chevrolet Onix (sedan)ning ommaviy ishlab chiqarishga kiritilishi boʻldi. Korxonaning zamonaviy GM GEM (Global Emerging Markets) agregat platformasiga oʻtishi ushbu yutuqqa erishishga imkon yaratdi.
Qayd etish joizki, Oʻzbekistonda avtomobil ishlab chiqarish toʻliq siklda – shtamplash, payvandlash, boʻyash va yigʻish jarayonlari vositasida amalga oshiriladi. Barcha dvigatellar Toshkent shahrida joylashgan “UzAuto Motors Powertrain” korxonasida ishlab chiqariladi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda avtomobil ishlab chiqarishning mahalliylashtirilganlik darajasi 50 foizdan oshadi. Mazkur natijaga asosiy butlovchi qismlarning salmoqli qismini mamlakatimizda ishlab chiqarish evaziga erishilmoqda.
E’tiborlisi shundaki, moliyaviy nuqtai nazardan olib qaraganda, janob Anderssonning Oʻzbekistondagi faoliyati kompaniya uchun muvaffaqiyatli boʻldi – oʻrtacha sof daromad 6 foizdan oshdi.
Taʼkidlab oʻtish joizki, oʻtgan davr mobaynida “UzAuto Motors” AJ IPO (aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish) oʻtkazdi. Uning muvaffaqiyatiga jahon avtomobilsozlik sanoatining eng yetuk top-menejerlaridan birining faoliyati ham oʻz hissasini qoʻshdi.
– Oʻtgan 3,5 yil davomida erishgan barcha natijalar butun jamoamiz: muhandislar, menejerlar, ustalar va eng muhimi ishchilar mehnatining samarasidir. Har qanday korxonaning asosi odamlar ekaniga ishonchim komil. Soʻnggi yillardagi muhim natijalar qatorida korxonada barchani muvaffaqiyatlar va natijalarga koʻra ragʻbatlantirish imkonini beruvchi aniq va to‘g‘ri KPI tizimining joriy etilganligini alohida ta’kidlashdan xursandman, — deya ta’kidladi Bo Andersson.
Tadbir soʻnggida, “UzAuto Motors” AJ Yangi Oʻzbekiston haqiqiy iqtisodiy oʻsishining asosiy omillaridan biri ekanligi, yuksak istiqbolga egaligi va jahon avtomobilsozlik sanoatida e’tirof etilishi taʼkidlandi.