Yangiliklar

“UzAuto Motors” AJ aksiyalarining mahalliy va xorijiy fond bozorlarida birlamchi ommaviy taklif orqali joylashtirilishini (IPO) tashkillashtirish uchun anderrayterlar konsorsiumi tender asosida tanlab olindi.
2022-06-08 08:04:49 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

Ma’lumki, joriy yilning 9-mart sanasida “UzAuto Motors” AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi PF-6207-son hamda 2022-yil 8-apreldagi PF-101-son Farmonlariga muvofiq kompaniya aksiyalarining mahalliy va xorijiy fond bozorlarida birlamchi ommaviy taklif orqali joylashtirilishini (IPO) tashkillashtirish uchun anderrayterlar konsorsiumini tanlash bo‘yicha rasmiy tender e’lon qilingan edi.

Mazkur tenderda mahalliy anderrayterlar bilan bir qatorda anderrayting faoliyatini olib boruvchi xorijiy banklar va investitsiya vositachilari ham ishtirok etishlari mumkinligi belgilab o‘tildi. Rasmiy tender O‘zbekiston Respublikasi Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublika Tovar-xom ashyo birjasi veb-saytida e’lon qilinib, tenderga hujjatlar qabul qilinishi joriy yilning 18-may sanasiga qadar davom etdi. Ushbu tenderga mahalliy va xorijiy anderrayterlardan iborat qator konsorsiumlar qiziqish bildirib, hujjat topshirishdi. Tender yakuniga ko‘ra “Freedom Finance” XK MChJ boshchiligidagi konsorsium g‘olib deb topildi.

Birinchi bosqichda kompaniya aksiyalarining birlamchi ommaviy taklif orqali joylashtirilishi 2022-yil so‘ngiga qadar “Toshkent” Respublika fond birjasida ushbu konsorsium tomonidan amalga oshirilsa, ikkinchi bosqichda 2023-yilda xalqaro fond birjalarida yirik xalqaro investitsiya bank-anderrayterlarni konsorsiumga jalb qilgan holda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

“UzAuto Motors” AJ tomonidan mahalliy va xorijiy fond bozorlarida IPO amalga oshirilishi Kompaniya uchun yangi investitsiya loyihalarni amalga oshirgan holda faoliyatni yanada kengaytirish, investitsion jozibadorlikni oshirish, korporativ boshqaruvni xalqaro standartlarga moslashtirish, shaffoflik va hisobdorlikni oshirish imkonini beradi. Shuningdek, mazkur IPO ayniqsa mahalliy bozorda investorlar uchun jozibador bo‘lgan yangi qimmatli qog‘ozlar taklifini shakllantiradi va likvidlik oshishiga hissa qo‘shadi.

Ma’lumot uchun: “UzAuto Motors” AJ 1993-yilda tashkil topgan bo‘lib, O‘zbekiston va O‘rta Osiyodagi yagona yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya hisoblanadi.

Bugugi kunda kompaniyaning yengil avtomobilarni ishlab chiqarish quvvati yilliga 360 ming gacha tashkil etadi. Uning asosiy ishlab chiqaruvchi zavodi O‘zbekistonning sharqiy nuqtasi bo‘lgan Andijon viloyatining Asaka shahrida joylashgan bo‘lib, unda Chevrolet Spark, Nexia, Cobalt va Lacetti modellari ishlab chiqariladi va O‘zbekistonning g‘arbidagi Xorazm viloyatining Pitnak shahrida esa Damas va Labo avtomobillari ishlab chiqariladi.

Bugungi kunda Kompaniya tarkibida 11 mingdan ortiq (mahalliy butlovchi qismlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan xisoblaganda 18 mingdan ortiq) ishchi va xodimlar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Kompaniya 2020-yilning yakuni bo‘yicha 2,6 milliard dollar sof tushum topgan bo‘lib, rentabellik 7%ni tashkil etdi.