Yarimoʼtkazgichlar

Yarimo‘tkazgichlar yetishmovchiligining avtomobilsozlik sanoatiga ta’siri
2021-06-25 09:13:37 Yarimoʼtkazgichlar
 
                          Yarimoʼtkazgichlar

Butun elektron qurilma va gadjetlarni ishlab chiqaruvchilar uchun chiplar muhim ahamiyatga ega. Pandemiya davrida elektron qurilma va gajdetlarni ishlab chiqaruvchilar mikrosxemalarga berilgan buyurtmalarni bekor qilishmagan. Aksincha, unga bo‘lgan talabni ko‘paytirishgan. Sababi karantin paytida uydan turib ishlash, masofaviy ta’lim olish kompyuter va noutbuklarga bo‘lgan ehtiyojni yanayam oshirdi.

Avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar esa, pandemiya va lokdaun davrida ishini to‘xtatib, chiplarga buyurtmalarini qisqartirdi. Faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yganda, mikrosxemalarni ishlab chiqaruvchilar uning ishlab chiqarilish muddati olti oydan ortiq vaqtni talab etishi hisobiga mavjud talabdan ortta qolmoqda. Shu sababli, avtomobillar uchun yarimo‘tkazgichlar tanqisligi yuzaga keldi.

Yarimo‘tkazgichlarning yetishmasligi butun dunyo bo‘ylab avtomobil ishlab chiqaruvchilarni tashvishga solmoqda. Bunday kichik ammo almashtirib bo‘lmaydigan  detallarning yetishmasligi avtomobil ishlab chiqaruvchilar uchun jiddiy oqibatlarni olib keldi.

motor.ru axborot saytining xabar berishicha, “Volkswagen”ning Kaluga shahridagi zavodi yarimo‘tkazgichlar yetishmovchiligi sababli avtomobillar ishlab chiqarishni to‘xtatdi. Shuningdek, Nijniy Novgorod shahrida “Volkswagen” va “Skoda” avtomobillarini yig‘ishni vaqtincha to‘xtatildi.

Dunyodagi eng yirik avtomobilsozlik sanoati vakillarining aksariyati yarimo‘tkazgichlarning tanqisligi sababli, Osiyo, Yevropa va Shimoliy Amerikadagi zavodlarining faoliyatini to‘xtatib turishga majbur bo‘lishdi. Bular qatoriga Ford Motor, Nissan Motor, Toyota Motor, Volkswagen, Honda Motor va Volvo avtomobil kompaniyalarini kiritish mumkin.

AQSH avtomobilsozlik sanoati mikrosxemalardan noto‘g‘ri foydalanish oqibatlari to‘g‘risida ogohlantirib hukumatdan yordam so‘ragan.  Osiyoda yarimo‘tkazgichlar yetishmovchiligini kamaytirish uchun mikrochip ishlab chiqarish jarayonlarini tezlashtirmoqda.

Bundan tashqari, aytib o‘tish joizki, konteynerlarning yetishmasligi hamda Xitoy portlaridagi kechikishlar ham ishlab chiqarishdagi uzilishlarga sabab bo‘lmoqda. Konteynerlarning tanqisligi Xitoyda sotib olingan tovarlarning yetkazilib berilishida kechikishlarga va narxining oshishiga olib keldi.  Lenta.ru ning CNCB ma’lumotiga ko‘ra bergan xabarida, konteynerlarning yetishmasligi sababli, yetkazib berish narxi 300 foizga oshishini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, Xitoydan AQSH va Yevropaga yetkazib berish narxlari 1 200 AQSH dollaridan, konteyner uchun 6 000 AQSH dollarini tashkil etadi. Bu esa, odatdagi narxdan to‘rt baravar yuqori.  Yuzaga kelayotgan qo‘shimcha xarajatlar chakana sotuvchilar tomonidan qoplanadi yoki iste’molchilarning ortiqcha to‘loviga olib keladi.