Yangiliklar

Kompaniya eng yaxshi xodimlarini rag’batlantirdi. Taqdirlash marosimiga ularning oila a’zolarini taklif etildi va korxona faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi
2022-04-21 21:47:45 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

So’nggi yillarda biznes olamida ish beruvchining brendi va qiymat taklifi kabi atamalar ommalashdi. Bu so’zlar ortida oddiy tushuncha yashiringan – Biznes xodimlar ishga shunchaki kelmasligi, balki o'z kasbi, ish joyi, kompaniyasi bilan faxrlanishi uchun barcha asoslarga ega bo'lishi kerakligini tushundi. Axir, har qanday firma va korxona uchun raqobat ustunligi nafaqat resurslar va imkoniyatlar, balki, birinchi navbatda, ishchilar, xodimlar tomonidan yaratiladi.

Aynan shu bois “UzAuto Motors” AJ kadrlar malakasini oshirish va rag’batlantirishga alohida e’tibor beradi. Har oy kompaniya bo'lim darajasida bo’linmaning eng yaxshi xodimini aniqlaydi. G’oliblar qimmatbaho sovg’alar bilan taqdirlanadi. Xodimlarga yanada ko'proq motivatsiya berish maqsadida kadrlar bo'limi tashabbusi bilan kompaniya rahbariyati shu oydan boshlab ularning ota-onalari va oila a’zolarini taqdirlash marosimiga taklif qilishga qaror qabul qildi. Axir ota-ona uchun farzandini eng yaxshilar qatorida ko’rish katta quvonch va g’ururdir. Ota-onasining yuzidagi quvonchni ko’rish har qanday xodim uchun eng yaxshi mukofotdir.

Aytildi – bajarildi! Aprel oyining eng yaxshi xodimlarini taqdirlash marosimi ularning ota-onalari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Ishlab chiqarish va texnologiyalarni rivojlantirish bo’yicha boshqaruvchi direktor Iqbol Jo’rayev o’zining nutqida kompaniyaning eng yaxshi xodimlarining oila a’zolari bilan uchrashganidan g‘oyat mamnun ekanligini ta’kidladi.

Kasaba uyushmasi raisi O‘ktam Mirzayev esa o‘z so‘zida bunday farzandlarni voyaga yetkazgan ota-onalarga minnatdorchilik bildirdi. Kadrlar bo’yicha direktor o’rinbosari Muzaffar Shermatov ularga shaxsiy va professional o’sishni tiladi. Xodimlar sertifikat va qimmatbaho sovg’alar bilan taqdirlandi. Marosimning barcha ishtirokchilari uchun eng muhim sovrin – do’stlik, birdamlik, o’z jamoasi va korxonasi bilan faxrlanishning quvonchli muhiti bo’ldi. 

Taqdirlash marosimining so’nggida ota-onalar uchun zavodga ekskursiya tashkil etildi. Ular farzandlari mehnat qilayotgan korxonadagi mehnat faoliyati va ishlab chiqarish sharoitlari bilan yaqindan tanishishdi.