Yangiliklar
Maʼlumki, O’zbekiston yangi tarixida milliy iqtisodiyot investitsiyalarni jalb qilish maqsadida protektsionistik chora-tadbirlar bilan qoʻllab-quvvatlandi. Biroq so’nggi yillarda davlat teng biznes sharoitlarini yaratish va shaffoflikni oshirish maqsadida imtiyoz va preferensiyalarni muntazam ravishda qisqartirish yo‘lini oldi. Ushbu o’zgarishlar avtomobil sanoati faoliyatiga ham o’z ta’sirini ko’rsatdi.
Soliq imtiyozlarining bekor qilinishi natijasida, jumladan QQSni o'z ichiga olgan holda 2021 yildan boshlab “UzAuto Motors” AJ birinchi bor Oʻzbekistonning eng yirik soliq toʻlovchilari o’ntaligiga kirdi, sanoat tarmog’ining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 5,6 foizini tashkil etdi. Birgina so’nggi 5 yil ichida “UzAuto Motors” AJ va 80 dan ortiq boshqa korxonalarni o’z ichiga olgan “O’zavtosanoat” AJ pandemiya va dunyodagi geosiyosiy vaziyatga qaramasdan jami soliq ajratmalari 22,1 trln. so’mni tashkil etadi.
Bugungi kunda “O’zavtosanoat” AJ korxonalari soliqlarni, jumladan, QQSni O’zbekistondagi barcha xususiy korxonalar bilan bir qatorda to’laydi. Raqobatning kuchayishi va boshqaruvning yangicha yondashuvi o’z samarasini bermoqda. 2018 yil holatiga ko’ra, ham ishlab chiqarish sohasida, ham kompaniya boshqaruvidagi agressiv islohotlar sabab kompaniya o’sha davrda 1,7 trln. so’m foydani olishga muvaffaq bo'ldi.
Shubhasiz, kompaniyaning moliyaviy yaxshilanishi UzAuto kompaniyasining xalqaro maydondagi imidjiga ham ijobiy ta’sir ko’rsatdi. 2021-yilda UzAuto Motors London fond birjasiga 300 million dollarlik xalqaro yevroobligatsiyalarni joylashtirdi va shu yil boshida kompaniya mamlakatdagi eng yirik ommaviy taklifni (IPO) amalga oshirdi. Xalqaro kapital bozorining to’laqonli ishtirokchisiga aylangan kompaniya mablag’larni davlat mablag’lari ishtirokisiz ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va O’zbekistonda yangi texnologiyalarni joriy etishga yo’naltirdi.
Ishlab chiqarish sifatini yanada yaxshilash, avtomobil modellari qatorini yangilash va BIQ-IV (Built-in quality) yuqori xalqaro sifat standartlariga o’tish O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon o‘rtasida avtomobilsozlik konglomeratini yaratish uchun qulay sharoit yaratdi. 2020-yilning martida Qozog’istonning Kostanay shahrida Chevrolet brendi ostida UzAuto Motors avtomobillarining yangi modellarini ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi, ular o’sha yilning o’zida xaridorlar orasida eng ommabop avtomobillarga aylandi. Bir yil o’tib, 2021-yil sentabrida Ozarbayjonning Hajigabul shahrida ishlab chiqarish liniyasi ochildi.
So’nggi besh yilda sohaning eksport salohiyatini oshirish yuqori qo’shimcha qiymatga ega bo’lgan mahsulotlar eksporti hisobiga mamlakatimizga xorijiy valyuta tushumini qariyb to’qqiz baravarga oshirish imkonini berdi, 2018 yildagi 58,7 millionga nisbatan yillik hajmi 2022 yilda qariyb 554 million dollarga yetdi.
Shubhasiz, mashinasozlik fan va texnika taraqqiyotini o’zida aks ettiruvchi jahon sanoatining muhim tarmoqlaridan biri sifatida sanoati rivojlangan mamlakatlarda yetakchi o’rinni egallaydi. Metallurgiya, neft-gaz hamda kimyo sanoati, elektrotexnika va boshqa tarmoqlar ko’p tarmoqli sanoatdan biri bo’lib, unda 1 ta ish o’rni turdosh tarmoqlarda 7 ta ish o’rnini yaratadi. Yuqori muhandislik salohiyatiga ega mamlakatlar orasida yetakchi bo’lishga imkon beradigan eng ilg’or texnologiyalar sanoati fan va ishlab chiqarish sohasida o’z imkoniyatlarini yaratadi va kengaytiradi.