Yangiliklar

“UzAuto Motors” AJ: rahbar xodimlar uchun trening bo’lib o’tdi
2023-07-19 05:23:52 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

Ma’lumki, UzAuto Motors’da minglab xodimlar ishlaydi. Bugungi kunda xodimlarni yetuk kadr qilib rivojlantirishda kompaniya HR direksiyasi tomonidan bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, xodimlarni samarali boshqarish tizimi tubdan takomillashtirilib, ularni moddiy va nomoddiy rag’batlantirish shakllari joriy etilmoqda. Shu munosabat bilan, UzAuto Motors Xodimlar boshqaruvi direksiyasi tashabbusi bilan kompaniya kasaba uyushmasi hamkorlikda korxonadagi boshqarma, bo’lim, bo’linma rahbarlari va boshliqlari uchun “Samarali yetakchining kompetensiyalarini rivojlantirish” mavzusida o’ziga xos o’quv-amaliy trening tashkil etildi.

 

 

Dam olish kunlari UzAuto Motors rahbar xodimlarining jamoada o’z mavqeini oshirib borishida boshqaruv tizimini to’g’ri yo’lga qo’yish, yangi mehnat kodeksidagi o’zgarishlarni o’rganish, shuningdek rahbarning yetakchilik xususiyatlari, uning mashaqqati, xodimlarni samarali boshqarishda malakasi va yutuqlarini oshirishga qaratilgan seminar-trening bo’lib o’tdi. Mazkur treningda kompaniya tarkibiy bo’linmalaridagi 60 ga yaqin rahbar xodimlar ishtirok etdi.

 

Trening uch qismdan iborat bo’lib, ishtirokchilar uchun unda nafaqat o’quv mashg’ulotlari balki turli lavozimdagi xodimlar o’rtasidagi aloqalarni, ijobiy munosabatlarni o’rnatish uchun amaliy mashqlar ham o’tkazildi. E’tiborlisi unda kompaniya bosh direktori Bo Anderssonning o’zi ham shaxsan o’z g’oya va takliflari bilan mashg’ulotlarda qatnashdi. 

 

Kunning birinchi qismida rahbarlar bilan bo’lib o’tgan o’quv mashg’ulotlari har doimgidan o’zgacharoq tarzda o’tkazildi. Rejaga muvofiq, mashg’ulotlarda asosiy e’tibor jamoaviy ahillik, birdamlik bilan harakatlanish kabi mehnat faoliyati samaradorligini oshiruvchi omillarga alohida e'tibor qaratildi. Dastlabki o’quv mashg’ulotlarida rahbarlar yangi mehnat kodeksidagi o’zgarishlar bilan tanishtirildi, rahbarning yetakchilik xususiyatlari va xodimlarni samarali boshqarish mexanizmlari haqida yana bir bor eslatib o’tildi. Ta’kidlash joizki, rahbarlarga o’quv mashg’ulotlari sohaning tajribali, yetuk mutaxassis xodimlari tomonidan olib borildi.

 

Qiziqarli bahs va munozaralarga boy tarzda kechgan treningda ishtirokchilar ish samaradorligini oshirish bo’yicha o’z taklif mulohazalarini bildirish imkoniyatiga ega bo’lishdi.

 

Kunning ikkinchi yarmida mashg’ulotlarda qatnashuvchi rahbarlar o’rtasida guruhlarga bo’lingan holda amaliy mashqlar o’tkazildi. Bugungi kunda rahbar va xodim o’rtasida kuzatilayotgan muammolarni muhokama qilgan holda, eng yaxshi yechim topish uchun g’oyalar berish bilan birga fikr-mulohazalar almashildi, zaruriy takliflar ishlab chiqildi.

 

 

“Bu kabi treninglar xodimlarning bilim salohiyatini, malaka va bilim tajribasini oshirishda muhim o’rin tutadi. Shu bilan birga kelgusidagi faoliyatlari uchun ham katta motivatsiya beradi. Bu kabi tadbirlar muntazam ravishda o’tkazib boriladi.”– deya ta’kidlaydi UzAuto Motors “Xodimlarni boshqaruv direksiyasi” direktori Ilhom Tairov.

 

 

Yuqori shukuhda bo’lib o’tgan Team-building kelgusida rahbarlarning tashkilotchilik, yetakchilik qobiliyatlarini mustahkamlashga va yanada takomillashtirishga xizmat qilishiga ishonamiz.

 

UzAuto Motors mijozlarini qadrlagandek xodimlarini ham birdek qadrlaydi. Shu bois ular uchun har tomonlama qulay va maqbul sharoitlar hamda imkoniyatlarni yaratadi.