Yangiliklar

MDHdagi eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi UzAuto Motors’ning IPO’si start oldi
2022-10-08 04:50:04 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan 2022–2026-yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasiga muvofiq 2022-yilning 6-oktabrida UzAuto Motors’ning IPO’si start oldi. O‘zbekistonda bu yirik davlat kompaniyasi tomonidan birinchi ommaviy taklif (IPO) hisoblanadi.

Jamiyat jismoniy va yuridik shaxslar sotib olishi mumkin bo‘lgan 5% gacha aksiyalarini «Toshkent» Respublika fond birjasiga joylashtiradi.

Kompaniyaning IPO’ga chiqarilishi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov, «O‘zavtosanoat» AJ boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov va «UzAuto Motors» aksiyadorlik jamiyatining bosh direktori Bo Andersson yig‘ilgan salohiyatli investorlarni qutlab murojaat qildi.

“Prezidentimizning tegishli farmon va qarorlariga muvofiq, IPOga mo'ljallangan 23ta bank va kompaniyalar orasida birinchi bo‘lib UzAuto Motors aksiyalarini “Toshkent” fond bozoriga joylashtirish uchun marketing tadbirlarini boshladi. Bu juda mashaqqatli yo'l, bugungi kunga qadar kompaniya jamoasi juda ko'p ishlarni amalga oshirdi. Shu kungacha kompaniya katta transformatsiya jarayonini amalga oshirdi, moliyaviy hisobotlarini xalqaro standartlariga keltirdi, xalqaro kredit reytinglari oldi va katta mashaqqatlardan so'ng xalqaro obligatsiyalarini London fond birjasiga joylashtirdi. Mana bugun kompaniya aksiyalarni mahalliy fond bozorida yirik davlat kompaniyalari orasida birinchi bo'lib joylashtirish arafasida turibdi. O’ylaymanki, mahalliy va xorijiy investorlar UzAuto Motors kompaniyasi aksiyalarini sotib olish uchun va uning bir qismi bo’lish uchun juda katta qiziqish bildirishmoqda.” — dedi Odilbek Isoqov.
«UzAuto Motors aksiyalarini ommaviy joylashtirish va xususiy sektorni investitsiyalarga jalb etish kompaniyaning strategik rivojlanishi uchun muhim qadamdir. Kompaniyaning so‘nggi yillarda jadal rivojlanishi va ko‘plab yutuqlari uni ishonchli sarmoyaviy hamkorga aylantirdi. UzAuto jamoasining birgalikdagi sa’y-harakatlari va davlat rahbarining bevosita ko‘magi bilan UzAuto Motors zarar ko‘ruvchi va subsidiyalangan kompaniyadan xorijiy mamlakatlarda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan eng yirik va eng daromadli avtomobil ishlab chiqaruvchi korxonaga aylandi», — dedi Shavkat Umurzoqov.

Tadbirda «UzAuto Motors» AJ taqdimoti bo‘lib o‘tdi, unda kompaniya moliyaviy barqarorligining asosiy ko‘rsatkichlari hamda kelgusida rivojlanish strategiyasi ko‘rsatilgan.

Joriy yilning iyul oyida UzAuto Motors aksiyalarini birlamchi joylashtirish (IPO)ning anderrayteri tender natijalariga ko‘ra Ham O‘zbekistonda ham va chet elda IPO, ham SPOni tashkil etishda katta tajribaga ega «Freedom Broker» investitsiya kompaniyasi tomonidan tanlangan. Xususiylashtirishning birinchi bosqichida UzAuto Motors 5% gacha aksiyalarini “Toshkent” Respublika fond birjasiga joylashtiradi.«UzAuto Motors IPOsi — O’zbekistonda uzoq kutilgan IPOlardandir. Bunday kompaniyalarning o’z aktsiyalarini keng doiradagi investorlarga sotish imkoniyati bilan IPOga chiqishi mahalliy kapital bozorini rivojlantirish va rag’batlantirishda muhim burilish hisoblanadi. Boshqa mamlakatlarda ham yirik milliy kompaniyalarning qimmatli qog‘ozlari investitsiya vositasi sifatida yaxshi ishlaydi va O‘zbekistonda ham samarali ishlaydi. Tahlilchilar IPOdan so‘ng avtomobil ishlab chiqaruvchisi aksiyalari narxi oshishini kutishmoqda, chunki bu ishonchli va foyda keltiruvchi korxona», — deya izoh berdi, «Freedom Broker» ijrochi direktori Evgeniy Mojeyko.

Tahlilchilarning prognozlari avtomobil ishlab chiqaruvchi korxonaning iqtisodiy ko‘rsatkichlariga asoslanadi — 2020-yildan buyon «UzAuto Motors» O‘zbekistondagi eng yirik soliq to‘lovchilar o‘nligidan joy oldi. Kompaniyaning ishlab chiqarish hajmi so'nggi 5 yilda 2,4 barobarga, sof foyda esa 3,4 barobarga oshirildi. Keyingi 5 yillikda ushbu ko'rsatkichlarni mos ravishda 147% va 164%ga oshirish rejalashtirilgan.

«UzAuto Motors» kompaniyasining jozibadorligi xalqaro kapital bozorida uning qimmatli qog‘ozlariga bo‘lgan qiziqishni tasdiqlaydi. 2021-yilda avtomobil ishlab chiqaruvchisi London fond birjasiga 300 million dollarlik yevroobligatsiyalarni joylashtirgan edi. Shunda talab taklifdan 5 barobargacha oshib ketgan.


«UzAuto Motors» AJ MDHdagi eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi boʻlib, 1993-yilda tashkil etilgan. Kompaniyaning General Motors Global (AQSh) bilan strategik hamkorligi doirasida kompaniya Chevrolet rusumli avtomobillarning keng assortimentini to‘liq tsikl (CKD) asosida ishlab chiqaradi. Oʻzbekistonda ishlab chiqarish Asaka (Andijon viloyati) va Pitnak (Xorazm viloyati)dagi zavodlarda amalga oshiriladi. Qozog‘iston va Ozarbayjonda «UzAuto Motors» avtomobillarini yig‘ish yo‘lga qo‘yilgan.

 

«Freedom Broker» (sobiq Freedom Finance) — investitsiya kompaniyasi. U dunyoning 12 davlatida faoliyat yurituvchi «Freedom Holding Corp» xalqaro xoldingi tarkibiga kiradi. Xolding AQSH, MDH davlatlari va Yevropa fond bozorlariga toʻgʻridan-toʻgʻri kirish imkonini beradi, bu jahon gigantlari — Apple, Microsoft, Telsa, Zoom, Alibaba, Twitter va boshqalarning qimmatli qogʻozlariga sarmoya kiritish imkonini beradi.