Yangiliklar

Namangan shahrida ilk bor tashkil etilgan “1-Xalqaro Namangan Avtofestivali” doirasida Namangan shahar hokimiyati va “O‘zavtosanoat” AJ hamkorligida “Eng yaxshi avtousta” ko‘rik tanlovi o‘tkazildi.
Tadbir mahalliy avtoustalarning malakasini oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda UzAuto Motors avtomobillarini keng jamoatchilikka tanishtirish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan Namangan viloyati hokimi birinchi o‘rinbosari Botirjon Nuritdinov ochib berdi. U o‘z nutqida tadbirning ahamiyatini alohida ta’kidladi:
“Bu tanlov orqali mahalliy avtoustalarning nufuzi oshadi va ular uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochiladi. Bundan tashqari, Namangan shahrining avtota’mir sohasidagi salohiyati xalqaro miqyosda ham keng tanitiladi”, — dedi u.
Avtoustalar, o‘zlarini sinovdan o‘tkazish uchun bir joyga jam bo‘lishdi. 30 nafardan ortiq ishtirokchi, dvigatel ta’miri, diagnostika, elektr tizimlari, yurish qismi va kuzov qismlarini ta’mirlashda o‘z mahoratlarini namoyish etishdi. Hakamlar hay’ati har bir ustani, ish sifati, texnologik jarayonni qanchalik to‘g‘ri bajarishi va vaqtni boshqarish borasida baholab, eng yaxshi ustalarni aniqlashdi.
Tadbirda ishtirok etgan “UzAuto Motors” AJ Sotuvdan keyin xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig'i Nodira Xojimatova “Bugungi kunda UzAuto Motors AJ zamonaviy avtomobillarni ishlab chiqarmoqda. Shu bilan birga, avtomobillarga sifatli xizmat ko‘rsatish va mijozlarga yuqori darajadagi xizmat taqdim etish juda muhimdir. Bilimli va malakali ustalarni tayyorlash, ularning ko‘nikmalarini oshirish va rivojlantirish zarur. Namangan tajribasida boshlangan bunday tadbirlarni biz butun Respublika bo‘ylab tashkil etishni maqsad qilganmiz. Avtoustalar zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan ishlash malakalarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bizning asosiy maqsadimiz – ularni yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishga rag‘batlantirish, xizmat sifatini yaxshilash va samaradorlikni oshirish. Shuningdek, mahalliy mijozlar oldida diler korxonalarining ishonchini mustahkamlashdir”, — deya ta’kidladi.
Har bir yo‘nalish bo‘yicha eng yaxshi deb topilgan avtoustalar sertifikat bilan taqdirlandi.
Mazkur tanlov faqatgina raqobat emas, balki mahalliy ustalarning bir-biridan o‘rganishi, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishi va professionallikni oshirishi uchun ajoyib imkoniyat yaratgan yirik tadbirdir. Kelajakda bunday tadbirlar yanada ko‘proq o‘tkazilishi va bu orqali Namanganning avtomobil ta’miri sanoatiga yangi bosqichlarga olib kelishi kutilmoqda.