Yangiliklar

OZARBAYJONDA CHEVROLET AVTOMOBILLARINI YIG’ISHNING BOSHLANISHI VA SOTUVLARINING STARTI
2021-09-19 15:00:18 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

2021 yil 17 sentyabrda Hajigabul shahrida (Ozarbayjon) "UzAuto Motors" AJ va "SamAvto" zavodi ishlab chiqarish liniyasining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi. General Motors bilan o'zaro kelishuvga erishilgach, "UzAuto Motors" Chevrolet avtomobillarini Ozarbayjonda sotishni boshlashi haqida e'lon qildi.

Ozarbayjon tarafdan ishlab chiqarish bo’yicha hamkor sifatida Boku shahri yaqinida joylashgan Hajigabul sanoat kvartali  tarkibiga kiruvchi “Azermash SR” ishtirok etdi. Tomonlar oʼrtasida 2021 yil 21 iyulda imzolangan kelishuv sharofati bilan loyihani amalga oshirish uchun imkoniyat yaratildi. Joriy yilning aprel oyida Hajigabul sanoat kvartalining ochilish marosimida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Haydarovich Aliyev loyihaga start beruvchi ramziy tugmani bosdi. Ozarbayjon Prezidenti o'z  qutlov nutqida O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning muhimligini, ikki xalqning madaniy va lingvistik jihatlari  mushtarak ekanligini qayd etdi.  Qardosh davlatlar o'rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichi 2019 yil oktyabr oyida, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Miramonovich Mirziyoev mamlakatimizning Turkiy kengashga to'laqonli qo’shilishini rasmiylashtirish uchun Bokuga rasmiy tashrif bilan kelganida e'lon qilindi.

"Azermash SR" zavodida ishlab chiqarish liniyasining tantanali ishga tushirilishida O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag'allikni qisqartirish masalalari bo'yicha o'rinbosari Jamshid Qo'chqorov onlayn tarzda tantanali nutq so'zladi. O'zbekiston delegatsiyasiga "O'zavtosanoat" AJ boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov boshchilik qildi. Ozarbayjon tarafdan, tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vaziri Mikayil Jabborov ishtirok etdi.

Hamkorlikning dastlabki bosqichida "Azermash SR"ning ishlab chiqarish quvvatlarida Chevrolet Nexia, Chevrolet Cobalt, ikkinchi bosqichda Chevrolet Damas va Chevrolet Labo avtomobillarini jami 5000 donagacha, SamAvto avtobuslarini esa yiliga 1000 donagacha miqdorda ishlab chiqarish va sotish rejalashtirilgan.

"UzAuto Motors"ning Ozarbayjondagi rasmiy distribyutori "Azermash SR"ga ko'ra, mazkur modellardagi narx, funksionallik va sifatning manfaatli va uyg’un nisbati ularning o'ziga xos raqobatbardosh afzalligi bo'la oladi.

Shavkat Umurzoqovning qayd etishicha: «Ozarbayjonda muvaffaqiyat qozonishga umid bog’lash uchun bizda yetarli darajada asoslar bor. Ozarbayjon va O'zbekistonni ko'p asrlik do'stlik va yaxshi qo'shnichilik rishtalari bog'laydi, qardosh xalqlarimiz qardosh tillarda so'zlashadi. Urf-odatlarimiz, tariximiz, madaniyat va dunyoqarashimiz mushtarak, hatto biznes va ishbilarmonlik etikasiga bo'lgan yondashuvimiz ham juda o'xshash. Yangi avtomobil zavodi mahsulotlari Ozarbayjon aholisi orasida ommalashishiga, yangilangan Nexia, Cobalt, Damas va Labo, shuningdek SamAvto avtobuslari ham ularga manzur bo’lishiga bizda shubha yo’q".

Shuningdek, "UzAuto Motors" AJ bosh direktori Bo Inge Andersson ta'kidlaganidek: «Hozirgi paytda biz modellar qatoriga yana bir nechta avtomobil qo'shish imkoniyatini o'rganyapmiz. Shu tariqa, yaqin kelajakda boshlang'ich modellar qatori sezilarli darajada kengayib, katta bo’lmagan va ixcham hajmdagi yengil avtomobillardan tortib to yirik hajmli yo’l tanlamas SUVlargacha bo’lgan jozibali transport vositalarining keng assortimentini o'z ichiga olishini kutmoqdamiz".


Eslatib o'tamiz, 2020 yil mart oyida Qozog'istonda Chevrolet avtomobillarini ishlab chiqarish boshlangan edi. Qozog'istonda "SamAvto" avtobuslarini ishlab chiqarish joriy yilning may oyida yo'lga qo'yildi. Bundan tashqari, Chevrolet avtomobillarini Tojikistonda ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish rejalashtirilgan.