Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Chevrolet Onix avtomobilining noma’lum sabablarga ko‘ra yonib ketgani va ayni vaziyatda video muallifi avtomobil ishlab chiqaruvchisini ayblayotgani aks etgan video tarqaldi.
Ushbu voqea 2023-yilning 1-iyul kuni Toshkent shahrida uy atrofidagi avtoturargohda sodir bo‘lgan. Avtomobil egasi kompaniya bilan bog‘langanidan so‘ng, "UzAuto Motors" kompaniyasi xodimlari hamda avtomobil egasi ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga asosan, hodisa sabablarini o‘rganish bo‘yicha qator chora-tadbirlar va ekspertizalarni boshladi.
Ayni paytda yong‘in kelib chiqish sabablari, xususan, yong‘in sodir bo‘lishida aybdor shaxslar shu kungacha aniqlanmaganini inobatga oladigan bo'lsak, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda isbotlanmaguncha kimnidir ayblashga asos yo‘q.
Binobarin, rasmiy tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatgan fuqarolar Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi normalarga muvofiq javobgarlikka tortilishi mumkin.