Yangiliklar

4 000 000 avtomobil – yangi marra zabt etildi!
2022-11-06 07:00:04 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

Bugun, 5 noyabr kuni UzAuto Motors jamoasi uchun alohida o’zgacha kun bo’lib muxrlandi. Zavod konveyeridan to’rt millioninchi avtomobil chiqdi.

Ushbu avtomobil Asaka avtozavodida joriy yilning iyul oyidan ishlab chiqarilishi boshlangan mahalliy krossover Chevrolet Tracker bo’lganligi ramziy ma’noga ega.

Bunday natijaga sanoat tarkibidagi barcha korxona jamoasining professional va muvofiqlashtirilgan ishi tufayli erishildi. Korxona konveyerlarida nafaqat avtomobil, balki ko’plab butlovchi qismlar chiqariladi. UzAuto Motors’ning bu yutug’i nafaqat Asakada, balki Toshkentda dvigatel ishlab chiqariladigan UzAuto Motors Powertrain zavodida, UzAuto Motors’ning Xorazm viloyati Pitnakdagi zavodida, shuningdek, avtomobillar uchun turli xil butlovchi qismlarni ishlab chiqaruvchi korxonalarda ham nishonlanmoqda.

Alohida ta’kidlab o’tish joizki, bundan oldingi 3 000 000 ninchi avtomobilga erishish uchun 22 yil kerak bo’ldi. 4 000 000 ga erishish uchun atigi 4 yil yetdi. Bularning barchasi avtomobilsozlik sanoatining transformatsiya qilingani va ishlab chiqarish quvvatini oshirish, modernizatsiya qilish, shuningdek, mahalliylashtirishni chuqurlashtirish tufayli amalga oshirildi.

Ko’p ishlar qilindi, ammo hali qilinishi kerak bo'lgan ishlar ham talaygina. 2023-yilda kompaniya 500 000 avtomobil ishlab chiqarishni maqsad qilib qo’ydi, keyinchalik bu ko’rsatkich 1 000 000 ko’tariladi. Oldinda bizni eng kutilgan Chevrolet Onix avtomobilini ishlab chiqarish va Markaziy Osiyo mamlakatlarida yanada kengaytirish kutmoqda. Vazifa qiyin, ammo buni mamlakat rahbarining ko’magi hamda butun sanoat jamoasining fidokorona mehnati tufayli amalga oshirish mumkin.