Yangiliklar

“UzAuto Motors” AJ xodimasi “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi
2025-05-13 22:53:40 Yangiliklar
 
                          Yangiliklar

Bugun, O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, 15 may – Xalqaro oilalar kuni munosabati bilan oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan namunali oilalarni rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan “Ibratli oila” ko‘krak nishonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Tantanali marosimda bir qator namunali oilalar qatorida “UzAuto Motors” AJ bo‘lim boshligʻi  Malika Zakirova ham ushbu yuksak e’tirofga sazovor bo‘lganligini faxr bilan ta’kidlaymiz.

Malika Zakirova o‘zining samimiyligi, yuksak professionalligi va oilaparvarligi bilan nafaqat mehnat jamoasida, balki keng jamoatchilik orasida ham ibratli shaxs sifatida e’tirof etilmoqda. U korxonaning barqaror rivojiga salmoqli hissa qo‘shayotgan malakali mutaxassis bo‘lishi bilan birga, mehr-oqibatga to‘la, totuv va farovon oila muhitini yaratgan fidoiy ayoldir.

Malika Zakirovaning oilasi yosh avlod uchun chinakam ibrat maktabidir — bu oila sog‘lom turmush tarzi, milliy qadriyatlarga sadoqat va o‘zaro hurmat mezonlari bilan ajralib turadi.

“UzAuto Motors” AJ jamoasi Malika Zakirovani ushbu munosib mukofot bilan samimiy tabriklaydi va unga hamda oilasiga mustahkam sog‘lik, baxt, tinchlik va doimiy farovonlik tilaydi.